G‘azoda qum bo‘roni vaziyatni og‘irlashtirmoqda
Olam
−
10:11 1019 1 daqiqa
Kecha, 13 fevraldan boshlangan qum bo‘roni G‘azodagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Ma’lumki, 2023 yildan beri davom etayotgan vayronkor hujumlar oqibatida minglab odamlar uy-joysiz qolgan va chodirlarda yashashmoqda.
Falastinlik meteorolog Layt al-Allamining ma’lum qilishicha, Liviya va Misrning shimoliy hududlarida yuzaga kelgan kuchli qum bo‘roni sharqqa qarab siljib, Falastin hududlariga yetib kelgan. Avvalroq, u 13–14 fevral kunlari kuchli shamollar bo‘lishi haqida ogohlantirgandi.
Falastin meteorologiya xizmati ham Afrikadan kuchli shamollar esishi, ayrim joylarda chang bo‘ronlari kuzatilishi mumkinligini bildirgan.
G‘azoda changli va shamolli ob-havo chodirlarda yashayotgan minglab odamlar uchun katta muammo tug‘dirmoqda. Ayniqsa, nafas yo‘llari kasalligi bor insonlar uchun juda xavfli. Kuchli shamol chodirlarni ag‘darib, odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda kuchli shamol chodirlar va daraxtlarni qattiq silkitayotganini ko‘rish mumkin.
G‘azo aholisi asosiy oziq-ovqat va dori-darmon yetishmovchiligi, sovuq ob-havo, bo‘ronlar va endi qum bo‘roni sabab yanada qiynalmoqda. 2025 yil 10 oktyabrdan kuchga kirgan sulhga qaramay, G‘azodagi vaziyat hanuz og‘irligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azoda ikki nafar bola o‘tin yig‘ish bilan shug‘ullanayotgan paytda Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi.