G‘azoda ilk bor ocharchilik rasman tasdiqlandi
Olam
−
22 avgust 2025 4226 5 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azo sektoridagi ocharchilikni birinchi marta rasman tasdiqladi. BMT G‘azodagi ochlik darajasini eng yomon 5-bosqichga ko‘tarib, butun dunyoga urushni to‘xtatish bo‘yicha tezkor bayonot bilan chiqdi.
BMTning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tashkiloti (FAO), UNICEF, Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) birgalikda ochlikdan o‘limlar izchil ravishda oshib borayotgani, bolalar orasida tez sur’atda kuchayib ketayotgan ozg‘inlik, oziq-ovqat iste’moli keskin pasayib ketgani va yuz minglab odamlar kunlab ovqatsiz qolib ketayotgani fonida darhol va to‘liq miqyosda gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi.
“Darhol o‘t ochish va mojaroni to‘xtatish — keng ko‘lamli gumanitar yordamni hech qanday to‘siqsiz amalga oshirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuningdek, G‘azo shahrida harbiy harakatlar kuchayishi va mojaro yanada avj olishi ochlik mavjud bo‘lgan hududlarda aholi uchun yanada halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida jiddiy tashvish bildirildi. Ayniqsa, kasal va ozib ketayotgan bolalar, qariyalar va nogironlarni evakuatsiya qila olmaslik mumkin” , deyiladi bayonotda.
IPC (Oziq-ovqat xavfsizligini integral fazalar bo‘yicha tasniflash — BMT agentliklari va xalqaro NNTlarni o‘z ichiga olgan 21 sheriklik tashabbusi) tahliliga ko‘ra, sentyabr oyi oxiriga qadar 640 mingdan ziyod odam oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha eng yuqori — IPC 5-faza (Katastrofa) holatiga tushishi kutilyapti. Qo‘shimcha ravishda 1,14 million kishi IPC 4-faza (Yordamsiz qolish holati) va yana 396 ming kishi IPC 3-faza (Inqiroz) holatida bo‘lishi mumkin. Shimoliy G‘azoda vaziyat G‘azo shahridagidan ham og‘irroq ekani taxmin qilinmoqda, ammo ma’lumotlar yetishmovchiligi sababli rasmiy IPC bahosi berilmagan.
Bayonotda qayd etilishicha, ocharchilikni rasman e’lon qilish degani – eng og‘ir toifa ishga tushganini anglatadi. Bu holat uchta asosiy ko‘rsatkich buzilganda qayd etiladi: oziq-ovqatdan keskin mahrum bo‘lish, kuchli ozg‘inlik va ochlikdan o‘lim holatlari. Yangi tahlil ushbu mezonlar bajarilganini asosli dalillar bilan tasdiqlagan.
Deyarli ikki yildan beri davom etayotgan mojaro, ommaviy ko‘chirishlar, gumanitar yordamga qattiq cheklovlar, oziq-ovqat, suv, tibbiy yordam, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va baliqchilikka ko‘mak berishning to‘xtatilishi, shuningdek, sog‘liqni saqlash, sanitariya va bozor tizimlarining yemirilishi odamlarni ochlikka mahkum etdi.
“G‘azoda oziq-ovqatga kirish imkoniyati qattiq cheklangan. Iyul oyida eng og‘ir ochlikka duch kelgan oilalar soni may oyiga nisbatan butun hudud bo‘ylab ikki barobarga, G‘azo shahrida esa uch barobarga ko‘paygan. Aholining uchdan bir qismi (39 foizi) kunlab ovqat yemayotganini bildirgan, kattalar esa ko‘p hollarda bolalarni oziqlantirish uchun o‘z ovqatini tashlab yubormoqda.Bolalar orasida ozg‘inlik katta tezlik bilan o‘smoqda. Faqatgina iyul oyida 12 mingdan ortiq bola kuchli ozg‘in deb aniqlangan — bu hech qachon qayd etilmagan eng yuqori oylik ko‘rsatkich bo‘lib, yil boshidan beri olti barobar oshgan. Ularning qariyb to‘rtdan biri og‘ir ozg‘inlikka duch kelgan, bu eng xavfli ko‘rinish bo‘lib, qisqa va uzoq muddatli og‘ir oqibatlarga olib keladi”, deyiladi bayonotda.
May oyidagi oxirgi tahlillardan beri, 2025 yil iyunga qadar ozg‘inlikdan o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan bolalar soni 14 100 nafardan 43 400 nafargacha oshgan. Homilador va emizikli ayollar orasida ham holat keskin yomonlashgani aytiladi: may oyida 17 ming deb baholangan holat, 2026 yil o‘rtasiga borib 55 minggacha ko‘payishi kutilyapti. Buning ta’siri ko‘zga yaqqol tashlanadi: har besh chaqaloqdan biri muddatidan avval yoki kam vaznli bo‘lib tug‘iladi.
Ta’kidlanishicha, iyul oyidan beri G‘azoga oziq-ovqat va yordam miqdori ozgina ko‘paygan, ammo ehtiyojga nisbatan hali ham keskin yetishmovchilik bor.
“Shu orada, hududdagi 98 foiz qishloq xo‘jaligi yerlari zararlangan yoki yo‘q qilingan — bu qishloq xo‘jaligi va mahalliy oziq-ovqat ishlab chiqarishini butunlay vayron qildi. Shu bilan birga, aholining 10 kishidan 9 nafari uyidan ko‘chirilgan. Naqd pul o‘ta tanqis, yordam amaliyotlari izdan chiqqan.G‘azoda sog‘liqni saqlash tizimi og‘ir holatda. Ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari keskin qisqargan, antibiotikka chidamli infeksiyalar ko‘paygan. Bolalar orasida ich ketish, isitma, nafas yo‘llari kasalliklari va terining yallig‘lanishi kabi kasalliklar katta tezlik bilan o‘smoqda”, deyiladi bayonotda.
TIRIK QOLISH YO‘LLARI AYTILDI
BMT tirik qolish uchun zarur gumanitar yordamni ta’minlash maqsadida quyidagilarni ta’kidlamoqda:
- Darhol va barqaror o‘t ochishni, odamlar o‘limini to‘xtatish;
- Garovdagilarni xavfsiz ozod qilish;
- Butun G‘azo bo‘ylab katta hajmda yordamni hech qanday to‘siqsiz kiritish;
- Oziq-ovqat miqdorini ko‘paytirish, uning yetkazilishi va tarqatilishini yaxshilash;
- Shaxsiy boshpana, yoqilg‘i, gaz, qishloq xo‘jaligi uchun kerakli vositalarni yetkazish;
- Sog‘liqni saqlash tizimini tiklash, birlamchi tibbiy xizmatni ta’minlash, dori-darmon yetkazish;
- Savdo oqimlarini tiklash, bozor tizimlari va mahalliy ishlab chiqarishni qayta jonlantirish.
Qayd etish joiz, kechaning o‘zida G‘azo sektorida yana ikki falastinlik ochlikdan vafot etdi.
Aslida HAMAS mamlakatdagi bunday ocharchilikni yengish uchun garovdagilarning yarimini ozod qilish sharti orqali Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatishga ham rozi bo‘lgandi, biroq Isroil buni rad etib, G‘azoni "bosib olishda" davom etmoqda.
Ming afsuski, BMTning bunday katta chiqishlari ham bu urushni to‘xtatish uchun zamin yaratishi amrimahol. Sababi bu uning urushni to‘xtatish borasidagi ilk bayonoti emas.
Ocharchilikka barham berish esa hali ham mushkul masala, chunki Isroil kuchlarining G‘azo sektorini to‘liq egallash operatsiyasi 2026 yilda ham davom etishi kutilmoqda.
Dilbar Shoakromova
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025