“G‘azoda begunoh go‘daklar o‘lmoqda”. Namoyishchilar London ko‘chalarini to‘ldirdi 

Olam

image

21 oktyabr kuni tushdan keyin London markazida bo‘lib o‘tgan Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitinglarida kamida 100 ming kishi qatnashdi. Bu haqda "SkyNews" xabar berdi.

Falastin birdamlik kampaniyasi tomonidan uyushtirilgan eng yirik marsh kunduzi Marmar Ark yaqinida boshlandi. Ko‘plab namoyishchilar o‘zlari bilan Falastin va boshqa arab davlatlari, jumladan Jazoir, Misr va Livan, shuningdek, Turkiya bayroqlarini ko‘tarib olishgan edi.

Namoyishchilarning asosiy talabi G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lgan. 

"G‘azoda begunoh bolalar halok bo‘lmoqda. Bombardimonlarni to‘xtatish kerak, aholi suv va oziq-ovqatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. XXI asrda biz butun bir mintaqani qamal qilish haqida gapirayotganimizning o‘zi dahshatli. Shubhasiz, bu g‘ayriinsoniy va xalqaro huquqqa ziddir”, degan namoyishchilardan biri telekanalga.

Ko‘plab namoyishchilar “G‘azoga qarshi urushni to‘xtating!”,  “Isroilni boykot qiling!” va “Qo‘lingizni "Al-Aqso"dan torting!” singari murojaatlar bitilgan bannerlarni ko‘tarib olgan. Ularning qo‘lida, shuningdek, “Sukut saqlash – zo‘ravonlik”, “Ozod Falastin”, “Isroil – terrorchi davlat”, “Aparteid – genotsid”, “Bolalarni o‘ldirish o‘zini himoya qilish emas” kabi yorliqlar bor. Namoyishchilarning barchasi bir ovozdan “Biz hammamiz falastinlikmiz!” deya hayqirgan.

London politsiyasi matbuot xizmati yomg‘irli ob-havoga qaramay, kamida 100 ming kishi Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitinglarida qatnashganini ma’lum qildi. Shunga o‘xshash namoyishlar mamlakatning boshqa yirik shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

London Falastin G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing