G‘azoda har kuni 400 bola halok bo‘ladi yoki yaralanadi – UNICEF
Olam
−
26 Oktabr 2023 5560 3 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamg‘armasi (UNICEF) Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘layotgan, jabr ko‘rayotgan bolalarning ahvolidan tashvishda ekanini bildirdi va har ikki tomonni sulh tuzishga chaqirdi. Bu haqda Tashkilot o‘zining rasmiy sahifasida bayonot berdi.
Tashkilot keltirgan statistikalarga ko‘ra, so‘nggi 18 kun ichida G‘azo sektorida 2 ming 360 kishi halok bo‘lgan, 5 ming 364 kishi jarohat olgan. Bu har kuni 400 dan ortiq bolalar halok bo‘lgani yoki yaralanganini anglatadi. Isroilda ham urushdan jabr ko‘rgan bolalar bor. Jumladan, 30 dan ortiq isroillik bolalar hayotdan ko‘z yumgan, o‘nlab bolalar esa G‘azo sektorida asirlikda qolmoqda. Shu 18 kunlik muddat G‘azo sektori va Isroilda 2006 yildan beri BMT guvohi bo‘lgan jangovar harakatlarning eng halokatli avj olishi ekani aytildi.
“Bolalarni o‘ldirish yoki mayib qilish, ularni o‘g‘irlash, shifoxonalar va maktablarga hujum qilish, insonparvarlik yordamini rad etish bolalar huquqlarining jiddiy buzilishidir. UNICEF zudlik bilan barcha tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga, insonparvarlik yordamiga ruxsat berishga va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqiradi. Hatto urushlarning ham qoidalari bor. Tinch aholini, ayniqsa bolalarni himoya qilish kerak”, deydi UNICEF`ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Adel Xodr.
Shuningdek, G‘arbiy Sohilda ham qurbonlar sonining xavotirli ortishi kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yuzga yaqin falastinliklar, jumladan, 28 nafar bola halok bo‘lgan va kamida 160 nafar bola jarohat olgan.
“G‘azo sektoridagi vaziyat bizning jamoaviy vijdonimizdagi dog‘ bo‘lmoqda. Bolalarning o‘limi va jarohati darajasi hayratlanarli. Bundan ham qo‘rqinchlisi shundaki, agar insonparvarlik yordami, jumladan oziq-ovqat, suv, tibbiy buyumlar va yoqilg‘i yetkazib berishga ruxsat berilmasa, har kuni qurbonlar soni ortib boraveradi”, deydi Xodr.
Tashkilotga ko‘ra, shifoxonalarda tug‘ilgan chaqaloqlarning yashab qolishi uchun elektr toki zarur. Bundan tashqari, G‘azo sektorining qariyb 2,3 million kishidan iborat bo‘lgan butun aholisi og‘ir va keskin suv tanqisligiga duch kelgan. Bu yerda aholining qariyb 50 foizini bolalar tashkil etadi. Shuningdek, yaradorlar sonining ko‘pligi ham dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojning qay darajada katta ekanini ko‘rsatadi.
“Vayronalar ostidan og‘ir ahvolda qutqarib olingan va shifoxonalarda davolanishni kutayotgan bolalarning titrayotgani tasvirlari ular boshdan kechirayotgan ulkan dahshatni aks ettiradi. Ammo insonparvarlik yordamisiz, hujumlar oqibatida o‘lganlarning soni aysbergning uchigina bo‘lishi mumkin. Agar inkubatorlar ishlamay qolsa, shifoxonalar qorong‘i bo‘lsa, bolalar xavfli suv ichishda davom etsa va ular kasal bo‘lib qolganda dori-darmonlardan foydalanishning imkoni bo‘lmasa, o‘lim soni keskin oshadi”, deydi UNICEF vakili.