G‘azo siyosiy bitimlarda savdolashish vositasi emas – Xitoy TIV
Olam
−
18 fevral 4324 2 daqiqa
G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy Sohili siyosiy bitimlarda savdolashish vositasi emas. Bu haqda bugun, 18 fevral kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I BMT Xavfsizlik Kengashining “Ko‘p tomonlama munosabatlar amaliyoti, global boshqaruvni isloh qilish va takomillashtirish” mavzusidagi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Yaqin Sharqdagi vaziyat hanuz keskin va beqaror. G‘azo va G‘arbiy Sohil – Falastin xalqining vatani. Ular siyosiy bitimlarda savdolashish vositasi bo‘lishi mumkin emas. Falastinga faqat falastinliklar o‘zlari rahbarlik qilishi kerak – bu G‘azo urushidan keyingi boshqaruvda amal qilinishi shart bo‘lgan muhim prinsipdir”, dedi u.
Van Iga ko‘ra, hayotiy muhim jihatlardan biri – ikki davlat tamoyilini qo‘llab-quvvatlash, Falastin muammosini to‘liq, adolatli va barqaror hal qilishga erishish hamda Yaqin Sharqda doimiy tinchlik va xavfsizlik o‘rnatish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida AQSH G‘azo sektorini uzoq muddatli boshqaruvga olish masalasini ko‘rib chiqayotganini e’lon qilgandi. Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Donald Tramp ilgari surgan taklifga munosabat bildirib, G‘azo sektorining AQSH nazoratiga o‘tishi Niderlandiya uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan g‘oya ekanini aytdi. Shuningdek, Trampning bu taklifi arab davlatlari, Eron va bir qator g‘arb mamlakatlari tomonidan keskin rad etildi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ham Trampning rejasiga rozi emasligini e’lon qildi. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok esa falastinliklarni G‘azodan majburan chiqarib yuborish qabul qilib bo‘lmaydigan harakat ekanini bildirdi.
Live
Barchasi