G‘azo Misr chegarasidagi Rafah o‘tish punkti kelasi hafta ochiladi
Olam
−
23 yanvar 757 2 daqiqa
O‘tgan yili G‘azoning Misr bilan chegara o‘tish joyi Isroil tomonidan yopilgandi. Shu sababli sektorga gumanitar yordam kirishi to‘sib qo‘yilgan. Ushbu o‘tish punkti kelasi hafta qayta ochilishi ma’lum qilindi. Bu haqda kecha, 22 yanvar kuni Davosdagi “Tinchlik kengashi”da so‘z bordi.
Qayd etilishicha, 2025 yil oktyabr oyida Tramp vositachiligida erishilgan sulh doirasida bajarilmay qolgan asosiy masalalardan biri G‘azoning tashqi dunyo bilan bog‘lovchi asosiy darvozasi bo‘lgan Rafah o‘tish punktini qayta ochish va falastinliklarning kirib-chiqishiga ruxsat berish edi.
22 yanvar kuni Davosdagi “Tinchlik kengashi”da G‘azodagi sulhni mustahkamlashga qaratilgan qator rejalar ko‘rib chiqildi. AQSH tomonidan G‘azoni boshqarishga mas’ul etib tayinlangan Falastin texnokrat rahbari Ali Shaathning so‘zlariga ko‘ra, kengashda chegarani ochishga tomonlar kelishib olgan.
“Rafah (chegara punkti nomi) o‘tish punkti kelasi hafta har ikki yo‘nalishda ochilishini e’lon qilishdan mamnunman. G‘azo aholisi uchun Rafah shunchaki chegara emas—u hayot yo‘li va imkoniyatlar ramzidir”, deydi Ali Shaath.
Uning ta’kidlashicha, Rafahning ochilishi G‘azoning endi faqat urush bilan emas, balki kelajak bilan bog‘lanayotganidan dalolat beradi.
2024 yildan buyon Rafah chegara o‘tish joyini nazorat qilib kelayotgan Isroil tomoni mazkur bayonot yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga ko‘ra, Isroil G‘azo hududining yarmidan ko‘pini, jumladan, Rafah o‘tish punktiga tutash hududlarni nazorat qiladi. Anklavning qolgan qismi esa Hamas nazoratida qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil BMTning Falastindagi binolarini buzib tashlagani haqida xabar berilgandi. BMT agentligi UNRWA rahbari Filipp Latssarini X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida mazkur holatni qoralab, uni “xalqaro huquqqa ochiq va qasddan bo‘ysunmaslikning yangi darajasi” deb atagan.
Live
Barchasi