G‘azo bolalar uchun eng xavfli joy – UNICEF

Olam

image

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel G‘azo sektori yana bolalar uchun eng xavfli joyga aylanganini aytdi va mojaro tomonlarini ularni himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi. 

"Bugun G‘azo yana bolalar uchun eng xavfli joyga aylandi. Qish keldi. Mojaroning barcha tomonlari qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, barcha bolalarning hayoti va farovonligini himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishlari kerak. Bundan buyon bu mujaroda bolalar o‘lmasligi kerak”,  deyiladi Rassellning X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) postida. 

22 noyabr kuni Falastinning HAMAS harakati Misr va Qatar vositachiligida Isroil bilan G‘azo sektorida to‘rt kunlik gumanitar sulh bo‘yicha kelishuvga erishgani va u 24 noyabrdan kuchga kirganini e’lon qildi. Kelishuvlar Isroil qamoqxonalaridagi bolalar va ayollarni ozod qilish evaziga anklavda saqlanayotgan bolalar va ayollarni ozod qilishni nazarda tutgan. 1 dekabr kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari HAMASni sulhni buzganlikda ayblab, G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlaganini ma’lum qildi. 

Oktyabr oyi oxirida UNICEF Isroil armiyasi shiddatli o‘qqa tutayotgan G‘azo sektorida har kuni 400 dan ortiq bolalar halok bo‘lgan yoki yaralangani haqida xabar bergan edi. Jamg‘arma vakilining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo mohiyatan bolalar qabristoniga aylangan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida o‘rtacha har 10 daqiqada bir bola vafot etadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Rassel G‘azo sektoridagi 48 kunlik bombardimon davrida 5300 dan ortiq falastinlik bola halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST Misr bolalar Qatar UNICEF G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing