G‘azo 70 yillik rivojlanishni yo‘qotdi – BMT
Olam
−
26 noyabr 2025 1093 2 daqiqa
G‘azo Isroil bosqini tufayli 70 yillik rivojlanishdan ortda qoldi. Bu haqda BMTning Cavdo va rivojlanish masalalari bo‘yicha organi (UNCTAD) Bosh kotibining o‘rinbosari Pedro Manuel Moreno taqdim etgan, Falastin iqtisodiyotining holatiga bag‘ishlangan hisobotda so‘z boradi.
Unda aytishicha, ko‘p yillik harakatlanish cheklovi va harbiy harakatlar oqibatlari “o‘nlab yillik taraqqiyotni barbod qilgan” hamda G‘azo va G‘arbiy Sohilni vayronaga aylantirgan.
Morenoning aytishicha, G‘azo kuzatuvlar tarixidagi eng tez va eng vayronkor iqtisodiy qulashnni boshdan kechirmoqda. 2024 yilda G‘azo YAIMi o‘tgan yilga nisbatan 83 foizga qisqargan, aholi jon boshiga YAIM yiliga atigi 161 dollarni tashkil etgan. Mutaxassislarining qayd etishicha, bu kuniga 50 sent degani bo‘lib, hozirda dunyodagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Umumiy ishsizlik darajasi 50 foizga, G‘azoda esa 80 foizdan oshgan.
Hisobotda aytilishicha, G‘azo hududidagi barcha maktab va universitetlarning vayron qilinishi bolalarni ta’lim olish imkonidan mahrum qilgan. Mutaxassislar fikricha, bu jarayonning oqibatlari bir necha avlodlarga seziladi.
“G‘azo 70 yillik rivojlanishni yo‘qotdi”, deydi iqtisodchi Mutasim Elagraa.
BMT, YeI va Jahon bankining qo‘shma hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azoni tiklash uchun 70 milliard dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi.
UNCTAD Bosh kotibi Rebekka Grinspenning aytishicha, qishloq xo‘jaligi yerlarining 86 foizi zarar ko‘rgan, suv quduqlarining 83 foizi yo‘q qilingan, issiqxonalarning 71 foiziga shikast yetgan. Ekin ekishga yaroqli hududlar faqat 1,5 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, portlashlar va portlamagan o‘q-dorilar oqibatida yerning ifloslanishi keng ko‘lamli xalqaro yordamni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sulh tuzilganiga qaramay, joriy yilning 24 noyabr tongida Isroil armiyasining G‘azo sektori va Xon Yunusga uyushtirgan hujumlari oqibatida to‘rt nafar falastinlik halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi