Gaz narxining oshishi. AQSH nimadan xavotirda?
Olam
−
08 yanvar 2022
16369Amerika ma’muriyati Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari iqtisodiyoti uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Davlat departamenti va AQSH Moliya vazirligi mutaxassislari shunday xulosaga kelgan.
Ta’kidlanishicha, Prezident Jo Bayden ma’muriyati Ukraina atrofida vaziyat keskinlashgan taqdirda, Vashington Moskvaga qo‘yishga tayyor bo‘ladigan sanksiyalar to‘plami bo‘yicha bir qarorga kelmagan. Rasmiylarga ko‘ra, cheklovchi choralar Rossiya bank va energetika sohalariga ta’sir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, Rossiyani qarz majburiyatlari savdosiga kirishini cheklash, Rossiyani xalqaro banklararo axborot uzatish tizimidan uzib qo‘yish va SWIFT to‘lovlarini amalga oshirish hamda eksport nazoratini kuchaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Bayden ma’muriyatining ayrim vakillari Vashingtonning Moskvaga nisbatan qattiq choralar ko‘rishi AQSHning o‘ziga, qolaversa, ittifoqchilariga iqtisodiy zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirda. Qayd etilishicha, bu borada so‘nggi haftalarda AQSH Davlat departamenti va AQSH Moliya vazirligida kamida ikkita tahlil o‘tkazilgan.
Ularning natijalariga ko‘ra, Rossiyaga qarshi eng qattiq sanksiyalar dunyo bo‘ylab iqtisodlarga zarar yetkazishi, gaz narxining oshishiga olib kelishi hamda Yevropaning Rossiya bilan savdo va sarmoyaviy aloqalarini buzishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, ma’muriyat Rossiyaga qarshi choralarning “salbiy oqibatlari” Qo‘shma Shtatlarga “bumerang” bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 7 yanvar kuni ertalab AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina atrofida vaziyat keskinlashgan taqdirda o‘z mamlakati va ittifoqchilari javob qaytarishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi. Xususan, gap Rossiya Federatsiyasiga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash, NATO pozitsiyasini mustahkamlash, shuningdek, Kiyevga harbiy yordamni davom ettirish imkoniyatlari haqida bormoqda.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida da’volar ilgari surilmoqda. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, u bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.
LiveBarchasi