Gaz monopolistining 188 mlrd so‘mlik noqonuniy harakatlari fosh bo‘ldi

Jamiyat

image

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarining 2018 yil va 2019 yilning 1 choragida tadbirkorlik sub’ektlariga tabiiy gaz yetkazib berish borasidagi faoliyati o‘rganildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, respublika bo‘yicha 8 701 ta holatda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalari tomonidan belgilangan tariflarni asossiz oshirishi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan oldindan to‘langan to‘lovlarni hisobga olmaslik kabi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Masalan, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Davr metall” MCHJ tomonidan 2018 yilning fevral oyida iste’mol qilingan 58 157 kub metr tabiiy gaz uchun belgilangan 263,4 so‘m o‘rniga 1000 so‘mdan haq hisoblangan, natijada gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 42,8 mln so‘m asossiz foyda olingan.

Shuningdek, “Gulobod Osiyo Parranda” MCHJ tomonidan 2018 yilning 1 noyabr holatiga 34,4 mlrd so‘m oldindan to‘langan summa hisobga kiritilmagan va natijada 2018 yilning 1 noyabridan tariflarni oshishi munosabati bilan jamiyat qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini viloyatlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, unda quyidagicha bo‘ladi:

•    Buxoro viloyati bo‘yicha – 300 holatda 407,6 mln so‘m;

•    Jizzax viloyati bo‘yicha – 620 holatda 1 942,5 mln so‘m;

•    Qashqadaryo viloyati bo‘yicha – 516 holatda 88 019,9 mln so‘m;

•    Navoiy viloyati bo‘yicha – 22 holatda 59 150,4 mln so‘m;

•    Namangan viloyati bo‘yicha – 302 holatda 1 770,2 mln so‘m;

•    Samarqand viloyati bo‘yicha – 3737 holatda 11 935,0 mln so‘m;

•    Sirdaryo viloyati bo‘yicha – 56 holatda 119,5 mln so‘m;

•    Surxondaryo viloyati bo‘yicha – 509 holatda 10 534,1 mln so‘m;

•    Toshkent viloyati bo‘yicha – 1203 holatda 3 290,4 mln so‘m;

•    Farg‘ona viloyati bo‘yicha – 23 holatda 240,0 mln so‘m;

•    Xorazm viloyati bo‘yicha – 1413 holatda 10 866,3 mln so‘mni tashkil etadi.

Umuman olganda respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan davr mobaynida gaz ta’minoti korxonalari tomonidan jami 188,2 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingan.

Shu munosabat bilan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini buzilishi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atgan va asossiz olingan daromadlarni iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatmalar bergan.

Bugungi kunda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarida asossiz olingan daromadlarni xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

gaz O'ztransgaz

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing