Gavhar Sharipovaning vafoti sabablari ma’lum qilindi

Madaniyat-san’at

image

Avvalroq, 39 yashar aktrisa Gavhar Sharipova YTH natijasida vafot etgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ aktrisaning vafoti tafsilotlarini o‘rgandi. 

18 noyabrga o‘tar kechasi soat 02:20 larda 29 yoshli F.Sh. boshqaruvidagi ISUZU rusumli (yuk tashuvchi) avtomashinasi bilan “Samarqand-G‘uzor” yo‘nalishidagi A-378 yo‘lning Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Yarg‘unchi mahallasi hududidan o‘tgan 140 kmga kelgan vaqtida,  yo‘lovchi sifatida ketayotgan Gavhar Hasanovna Sharipova bilan o‘zaro kelishmovchilik chiqadi. 

Gavhar Sharipova avtomashina eshigini ochib tushib qolmoqchi bo‘lganligini ko‘ra turib, F.Sh.  tezlikni pasaytirmasdan harakatlanishda davom etganligi oqibatida G.Sharipova transport vositasidan tushib ketib turli darajada tan jarohatlari olib, hodisa joyida vafot etgan. 

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhuma Gavhar Sharipovaning o‘limiga sababchi bo‘lgan yo‘l-transport hodisasiga xos og‘ir tan jarohati olganligi aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.   

Ma’lumot o‘rnida, Gavhar Sharipova 1980 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent Davlat san’at instituti (hozirgi O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti)ni  drama-teatr va kino aktyorligi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan. G.Lessingning “Donishmand Natan” spektaklida Rexa rolini mahorat bilan ijro etgan. 

Gavhar Sharipova o‘zbek kinosida ham o‘zining bir qator takrorlanmas obrazlari bilan tomoshabinlar yodida qoldi. “Alpomish” (2001) filmida Qaldirg‘och, “Aldangan ayol” (2011) filmida Mastura, “Opa-singillar” (2010) teleserialida Nafisa singari qahramonlarni  gavdalantirdi. U qator filmlarga ovoz berib, dublyaj san’atida ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Gavhar Sharipova

Baholaganlar

3489

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing