G‘arb Ukrainaga Rossiya bilan muzokara o‘tkazishni taqiqlagan – Lavrov
Olam
−
05 iyun 2022
8259Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainani almashtirib yuboriladigan tanga deb atadi va G‘arb davlatlari unga Moskva bilan muzokaralarda qatnashishni taqiqlaganini aytdi. Bu haqda u Bosniya-serb teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida so‘z ochgan.
“Ukraina ikki oy oldin muzokaralarni olib borish masalasini qanday hal qilish bo‘yicha taklifni ilgari surgandek edi. Biroq bir kun o‘tib, G‘arb ukrainaliklarga ushbu jarayonni davom ettirishni taqiqladi”, deydi Lavrov.
TIV vaziri muzokaralar davom ettiriladimi degan savolga javob berar ekan, “Ukraina almashtirib yuboriladigan tanga, AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan boshqariladigan vosita”, degan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning may oyi o‘rtalarida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Ukraina bilan muzokaralar to‘xtatilganini, ular hech qanday shaklda olib borilmayotganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham ushbu ma’lumotni tasdiqlab, Kiyev Rossiya dunyodagi siyosiy jarayonlarda salbiy rol o‘ynagani tufayli u bilan muzokaralarni to‘xtatganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi yuzma-yuz muzokaralar oxirgi marta 29 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan edi.
LiveBarchasi