G‘arb Suriyadan yordamini qizg‘anyaptimi?
Olam
−
10 fevral 2023
9169Yevropa Ittifoqi va G‘arb davlatlari zilziladan so‘ng Suriyaga gumanitar yordam ko‘rsatishdan bosh tortdi. Bu haqda bugun, 10 fevral kuni Suriyaning Rossiyadagi elchisiga tayanib, Janubiy Osetiya prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Janubiy Osetiya Prezidenti Alan Gagloyev bugun, 10 fevral kuni Suriya Arab Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasiga fojiaviy zilzila va uning oqibatlari munosabati bilan Suriya xalqiga hamdardlik bildirish, shuningdek, elchixona devoriga gul qo‘yish uchun tashrif buyurgan. Tashrif chog‘ida Suriyaning Rossiyadagi elchisi Bashar Ja’fariy G‘arbni Suriya fojialardan so‘ng yordam bermaganlikda ayblagan.
“G‘arbning hatto mana shu dahshatli zilzila paytida ham Suriyaga nisbatan qo‘llagan siyosati ularning insoniyatga nisbatan ikkiyuzlamachiligining to‘g‘ridan-to‘g‘ri isbotidir. Zilziladan beri besh kun o‘tdi, ammo Yevropa Ittifoqi va G‘arb davlatlari bizning mamlakatimizga hech qanday yordam ko‘rsatmadi”, degan Suriya elchisi.
Shuningdek, u G‘arb davlatlarining sanksiyalari tufayli Suriya zilzila oqibatlarini bartaraf etishda qiyinchiliklarga duch kelganini ta’kidlagan. U 11 yildan beri sanksiyalar ostida qolayotgan Suriyada odamlarni vayronalar ostidan qutqarish uchun uskunalar yetarli emasligini aytgan.
“Afsuski, G‘arbda hamma narsa siyosiylashgan, hatto insonparvarlik yordami ham. Tasavvur qilishingiz mumkinki, tez yordam mashinalarida yaradorlarni tashish uchun yonilg‘i ham yo‘q bo‘lgan bir paytda Qo‘shma Shtatlar uchinchi mamlakatlarga sotish uchun bizning gaz va neftimizni o‘g‘irlamoqda”, degan Bashar Ja’fariy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya Sog‘liqni saqlash vaziri Hasan al-G‘abash butun dunyo mamlakatlarini Damashqqa asbob-uskunalar yuborishga va zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga chaqirgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi