G‘arb Rossiyaga qarshi “suyakni chil-chil qiluvchi” sanksiyalar qo‘llashi mumkin

Olam

image

Agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina kelajagi bo‘yicha haqiqiy muzokaralarga tayyor bo‘lmasa, G‘arb unga qarshi keskin choralar e’lon qilishi mumkin. Bu haqda amerikalik senator, mamlakat Prezidenti Donald Trampning yaqin ittifoqchisi Lindsi Grem ma’lum qildi.

Bugun, 15 may kuni Lindsi Grem Turkiyaning Antaliya shahrida Yevropa yetakchilariga Rossiya iqtisodiyotini izdan chiqarishga qaratilgan sanksiyalar loyihasi haqida ma’lumot berishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, Vladimir Putin Ukraina kelajagi borasida muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatmasa, AQSH Kongressida ushbu sanksiyalarni qabul qilish uchun harakat boshlanadi.

Grem Turkiyada yig‘ilgan Yevropa Tashqi ishlar vazirlari, jumladan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan uchrashadi. Bu yerda vazirlar NATOning rejalashtirilgan norasmiy ikki kunlik uchrashuvi doirasida to‘planadi.

Yevropa davlatlari Putinni sulh muzokaralariga ko‘ndirishning eng samarali yo‘li sifatida AQSH sanksiyalariga umid qilmoqda.

“Bu orqali Putin Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan tinchlik bitimi yuzasidan kelishuvga majbur bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Agar Putin Istanbulga bormasa, Yevropa yetakchilari AQSH Kongressini Lindsi Grem tomonidan ilgari surilgan keskin sanksiyalar paketi yana o‘z yo‘liga qaytishiga ishonch hosil qiladi. Grem bu sanksiyalarni “suyakni chil-chil qiluvchi” deb ta’riflagan.

G‘arb diplomatlarining aytishicha, Tramp AQSH Prezidenti sifatida bu sanksiyalarni ochiq qo‘llab-quvvatlamasa ham, Kongressga ularni qabul qilish bo‘yicha siyosiy erkinlik berishi mumkin.

Gremning sanksiya loyihasiga ko‘ra, Rossiya neft mahsulotlari, gaz yoki uranini sotib oladigan davlatlardan AQSHga olib kiriladigan tovarlarga 500 foizlik boj joriy etiladi.

Mazkur taklif dastlabki ko‘rinishda qabul qilinsa, u AQSHni to‘g‘ridan to‘g‘ri tarif urushiga olib kirishi mumkin – ayniqsa Xitoy va Hindiston bilan. Bu ikki davlat Rossiya energiya resurslarining eng yirik importchilari hisoblanadi. Nazariy jihatdan Ispaniya kabi ayrim Yevropa davlatlari ham bu sanksiyalardan zarar ko‘rishi mumkin, chunki Madrid Rossiyadan suyultirilgan gaz import qiladi. Grem sanksiyalar paketidagi yana bir band AQSH fuqarolariga Rossiya davlat obligatsiyalarini sotib olishni taqiqlaydi.

Gremning aytishicha, u Kongressda ushbu qonunni qabul qilish uchun yetarli darajada ikki partiyaviy ovozga ega. Tramp esa Putin borasida norozilik kayfiyatini bildirayotgan bo‘lsa-da, Grem taklif qilgan sanksiyalar paketini rasmiy ravishda qo‘llab-quvvatlashi uchun qanday sharoitlar kerakligini aniq bayon qilmagan.

Yevropa Ittifoqi ham Rossiyaga qarshi 17-bosqich sanksiyalar paketini tayyorlagan, u asosan Rossiyaning “soya floti” deb ataluvchi neft tankerlariga qaratilgan. Biroq Yevropa diplomatlarining fikricha, faqat Gremning sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga yetarlicha kuchli zarba bera oladi va urushdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgandi. Vladimir Zelenskiy esa bu taklifni qabul qilib, Putinni tinchlik muzokaralari uchun Istanbulga shaxsan uchrashishga chaqirdi . Biroq kecha, 14 may kuni kechqurun e’lon qilingan muzokaralarda qatnashadigan Rossiya delegatsiyasi ro‘yxatida Putinning nomi yo‘q edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing