G‘arb Isroildan uzoqlashishi kerak – Turkiya
Olam
−
25 noyabr 2023
3916G‘arb davlatlari G‘azo sektorida harbiy jinoyatlar sodir etayotgan Isroildan uzoqlashishi kerak. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Istanbulda bo‘lib o‘tgan Strategik kommunikatsiyalar sammitida aytib o‘tdi.
"G‘arb hukumatlarining [G‘azoda] sodir etilayotgan jinoyatlar qarshisida jim turishi va hatto o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishga ham qodir emasligi ma’naviy va siyosiy muvaffaqiyatsizlikning namoyonidir. Bu holat xalqaro huquqqa bo‘lgan ishonchni butunlay yo‘qotish xavfini tug‘diradi. G‘arb dunyosi Isroil tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlardan uzoqlashish vaqti keldi. Isroilni har qanday qo‘llab-quvvatlash, xoh shartli, xoh so‘zsiz, falastinliklarning yangi o‘ldirilishi uchun kart-blanshdir (to‘liq erkinlik)”, deydi Turkiya TIV rahbari.
Fidan Falastin muammosining yagona yechimi poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan erkin Falastin davlatining mavjudligini tan olish ekanini yana bir bor ta’kidlagan.
"Turkiya ikki yo‘nalishda sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Birinchisi, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va mintaqaga insonparvarlik yordamini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash, ikkinchisi, muammoni ikki davlat mavjudligi tamoyili asosida hal qilish. Biz faol diplomatiyani davom ettirmoqdamiz va Falastinni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechmaymiz”, deydi Turkiya Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xoqon Fidan Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining qo‘shma sammitida tuzilgan Arab-musulmon delegatsiyasi tarkibida London va Parijda bo‘lib, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna va Prezident Emmanuel Makron bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi