G‘aniyev va Davletov Senatga hisob beradi

Jamiyat

image

Joriy yilning 3 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi chaqiriladi. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni Senat kengashi majlisida qaror qabul qilindi.

Navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. Xususan, Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev hamda Adliya vaziri o‘z mas’uliyatidagi sohada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborotini o‘qib eshittiradi.

Qayd etilishicha, yalpi majlisda “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi va “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama etiladi.

Shuningdek, “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ham kun tartibiga kiritilgan.

Bundan tashqari, senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni (Minsk, 2021 yil 28 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlarni ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda 2017–2021 yillarga mo‘ljallagan Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti, Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi axboroti va Adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mamlakatda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham muhokama qilinadi.

Senatorlar oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham ko‘rib chiqadilar.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masala yuzasidan Senat Raisi birinchi o‘rinbosarining ma’ruzasi tinglanadi.

Yalpi majlis ikki kun davomida onlayn tarzda o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

122

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing