"G‘alati va tahdidli izohlar”. Makron Rossiyaning shamalariga javob qaytardi
Olam
−
05 aprel
17017Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron mamlakat Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu va Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng rasmiy Moskvaning “g‘alati va tahdidli izohlarini” qoraladi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida fransuz vaziri “Krokus”dagi teraktga “Ukraina va G‘arb davlatlarining aloqasi yo‘qligiga qat’iy ishontirishga uringanini” qayd etgan. O‘z navbatida, Shoygu Rossiya rasmiylarida "Ukraina izlari” haqida ma’lumot borligi va Kiyev rejimi G‘arb kuratorlari roziligisiz hech narsa qilmasligini bildirgan.
"Umid qilamizki, bu holatda Fransiya maxsus xizmatlari buning ortida turmaydi", deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
Makron esa buni "ma’lumotni manipulyatsiya qilish" deb atagan.
“Buning ortida Fransiya yoki Ukraina turibdi, deyish kulgili. Bularning hech biri mantiqiy emas. Ammo bu Rossiya bugun foydalanayotgan harbiy arsenalning bir qismi bo‘lgan ma’lumotlarning manipulyatsiyasi”, deydi Fransiya Prezidenti.
Shuningdek, u Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari nima uchun rossiyalik hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilganini ham tushuntirgan. Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada “Krokus”ga qilingan hujumning "kelib chiqishi va tashkil etilishi" haqida "foydali ma’lumotlar" bor edi.
Ma’lumot o‘rnida, Lekornyu va Shoygu o‘rtasidagi suhbat 3 aprel kuni bo‘lib o‘tgan. Fransiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, vazir “Krokus Siti Holl”dagi teraktni "qat’iy qoralagan" va Fransiya qurbonlar hamda ularning oilalari bilan birdamligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin AQSH razvedkasi Rossiyaga “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etilishi ehtimoli haqida ma’lumot yuborganini tan olgan, ammo bu juda umumiy bo‘lganini aytgandi. “The Washington Post” gazetasi esa ikki amerikalik rasmiyga tayanib, “Krokus Siti Holl”dagi teraktdan ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin, 6 mart kuni AQSH rasmiylari Rossiyani ushbu joy hujum uchun potensial nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirganini yozdi.
Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT majlisida terakt Kiyev tomonidan tashkillashtirilganini aytdi va terakt uchun javobgarlikni bo‘yniga olgan ISHID va boshqa terrorchi tashkilotlarni AQSHning o‘zi yaratganini ta’kidladi.