Gaiti Prezidenti o‘z qarorgohida otib o‘ldirildi
Olam
−
07 iyul 2021
17482Bugun, 7 iyulga o‘tar tunda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz mamlakat poytaxti Port-o-Prenseda joylashgan Pelerin qarorgohida o‘ldirib ketildi. Bu haqda “France 24” Gaiti Bosh vazirining bayonotiga asoslanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qarorgohga hujum tungi soat 01:00 atrofida amalga oshirilgan. Prezident o‘lik holda topilgan, unga o‘q uzilgani aniqlangan. Bundan tashqari, birinchi xonim Martina Moiz ham ushbu hujum oqibatida yaralangan. U hozir shifoxonada.
“7 iyul kuni tungi soat 1 da ba’zilari ispan tilida gaplashgan (davlat tili fransuz tili hisoblanadi — tahr.) bir guruh noma’lum shaxslar Respublika Prezidentining shaxsiy qarorgohiga hujum qilib, uni o‘ldirishdi”, deyiladi hukumat bayonotida.
Shuningdek, Gaitining muvaqqat Bosh vaziri Klod Jozef mamlakatda vaziyat Gaiti milliy politsiyasi hamda qurolli kuchlari nazorati ostida ekanini qo‘shimcha qilgan. U mamlakat Prezidenti vazifalarini o‘z zimmasiga olganini ma’lum qilib, qotillikni “vahshiylik harakati”, deb qoralagan.
Qizig‘i shundaki, Prezident Moiz otib o‘ldirilishidan 2 kun avval, ya’ni 5 iyul kuni mamlakatga yangi Bosh vazir Ariel Genrini tayinlagandi.
Qurbon Jovenel Moiz 2016 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozonib, 2017 yil fevralidan beri Gaitini boshqarib kelayotgandi.
Moizga avval ham suiqasd qilingan. 2018 yil oktyabr oyida noma’lum shaxslar Prezidentning Pon-Rujga tashrifi chog‘ida uni o‘ldirishga uringan. Mamlakat yetakchisi mustaqil Gaiti davlatining asoschisi va uning birinchi hukmdori Jan-Jak Dessalin (Jak I) yodgorligiga gul qo‘yayotganda noma’lum shaxslar unga qarata o‘t ochgan. O‘sha hujumda davlat rahbarining ikki qo‘riqchisi jarohat olib, ulardan biri boshidan o‘qib yeb halok bo‘lgan. Moiz esa omon qolgan va darhol xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Gaiti Amerika qit’asida joylashgan eng qashshoq va beqaror davlatlardan biridir. U yerda doimiy ravishda ochlik, tabiiy ofatlar va davlat to‘ntarishlari bo‘lib turadi.
LiveBarchasi