G7 va YeI Xitoydan KXDRga “akalik” qilmaslikni so‘ramoqchi
Olam
−
22 iyul 2023
6011G7 davlatlari, Yevropa Ittifoqi va yana uch davlat Xitoydan Shimoliy Koreyaga BMT sanksiyalaridan qochishda, xususan, Xitoy hududiy suvlaridan foydalanishda yordam bermaslikni so‘ramoqchi. Bu haqda Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Junga yuboriladigan murojaat loyihasiga tayanib, “Reuters”xabar berdi.
Aytilishicha, bu borada AQSH, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya va Yaponiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya vakillari tomonidan hujjat imzolangan.
“KXDR bilan sanksiyalangan neft mahsulotlari savdosini osonlashtirish uchun Sansha ko‘rfazidagi sizning hududiy suvlaringizdan boshpana sifatida foydalanadigan ko‘plab neft tankerlari mavjudligidan xavotirdamiz”, deyiladi hujjatda.
Murojaat mualliflari Xitoy tomonidan ushbu kemalarda neft kontrabandasi belgilari bor-yo‘qligini tekshirishni, ularga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortishni va agar ular yana Sansha ko‘rfazida topilsa, ularni imkon qadar tezroq suvlaridan haydab chiqarishni so‘rash niyatida.
Bundan tashqari, G7 va Yevropa Ittifoqi tankerlarga xizmat ko‘rsatadigan kompaniyalarga sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda. Shuningdek, xatga sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ilova qilinishi, unda bu voqealar Xitoy yurisdiksiyasida 2022 yilda sodir bo‘lgani va 2023 yilda ham davom etgani keltirilishi nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya hozirgi kunga qadar eng qattiq sanksiya rejimlaridan biri ostida. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan 2397-sonli rezolyutsiyada mamlakatga neft va qayta ishlangan mahsulotlar yetkazib berishda cheklovlar nazarda tutilgan. Bunga Pxenyanning ballistik raketalar va yadro qurollarini ishlab chiqishda davom etishi sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya sanksiyalar va cheklovlarga qaramasdan raketalarni uchirishni davom ettirmoqda. Xususan, joriy yilning 12 iyul kuni “Xvason-18” qit’alararo ballistik raketasi, 19 iyul kuni Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha yana bir ballistik raketa, bugun 22 iyul kuni esa Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalar uchirildi. KXDRning BMTdagi doimiy vakili Kim Son Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida raketa sinovlari mamlakatning o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqiga muvofiq amalga oshirilayotganini bildirgan.
LiveBarchasi