G7 va Avstraliya Rossiya neftiga narx chegarasini belgilashga kelishib oldi
Olam
−
04 noyabr 2022
3673“Katta yettilik” davlatlari va Avstraliya Rossiya neftiga qat’iy narx belgilashga kelishib oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“Koalitsiya (G7 va Avstraliya) doimiy ravishda baholanadigan qat’iy belgilangan narx chegarasi bo‘yicha kelishib oldi”, deydi manba.
Qayd etilishicha, mamlakatlar Rossiyadan neft narxining o‘zgaruvchan darajasidan voz kechgan.
Nashr suhbatdoshlarining qo‘shimcha qilishicha, neft narxlari darajasini yakunlash noyabr oyining oxirida rejalashtirilgan.
Rossiya energetika resurslari uchun narx chegarasini belgilash g‘oyasi iyun oyida G7 sammitida ilgari surilgan edi. Neftga cheklovlar dekabrda, neft mahsulotlariga nisbatan esa fevralda kuchga kirishi kerak, biroq G‘arb davlatlari gaz bo‘yicha haligacha kelisha olmadi. AQSH Moliya vaziri Jenet Yellen Rossiya nefti narxini barreliga taxminan 60 dollar qilib belgilashni taklif qildi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu fikrga izoh berib, Moskva o‘z manfaatlariga zid bo‘lsa, xorijga hech narsa yetkazib bermasligini ta’kidladi. Gazprom” rahbari Aleksey Miller Yevropa Ittifoqi tomonidan narxlarni bir tomonlama cheklash shartnomaning muhim shartlarini buzish bo‘lishini va bu yetkazib berishning to‘xtatilishiga olib kelishini aytdi.
G‘arb maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan keyin Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi. Bu Yevropa va AQSHda elektr energiyasi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi. Vladimir Putin Moskvani jilovlash va zaiflashtirish siyosatini G‘arb davlatlarining uzoq muddatli siyosati deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Davlat rahbari G‘arbning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirish ekanini ta’kidladi.
LiveBarchasi