G7 sammiti: koronavirusni muhokama qilgan rahbarlar qoidalarga rioya qildimi? (fotoreportaj) 

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, kecha, 11 iyun kuni Angliyaning Kornuoll yarimorolining Atlantika sohilidagi Karbis-Bey shahrida “Katta yettilik” (G7) davlatlari rahbarlarining sammiti boshlandi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya hamda Yevropa Ittifoqi rahbarlari ishtirokidagi birinchi sessiya koronavirus pandemiyasidan keyin dunyoni tiklashga bag‘ishlangan.  

Uchrashuv ikki yil ichida ilk bor yuzma-yuz formatda yopiq eshiklar ortida o‘tkazilmoqda. Sammitda dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida yashovchi qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari ham muhokama qilinadi. Sammit ochilishidan biroz avval shahzoda Uilyamning rafiqasi, Kembrij gersoginyasi Keyt Middlton va AQSHning birinchi xonimi Jill Bayden maktabgacha ta’limga bag‘ishlangan davra suhbatida qatnashgan. 

Sammit boshlanishidan avval rahbarlar an’anaviy rasmiy suratga tushishgan. Suratga tushish joyi sifatida qumli plyaj tanlangan bo‘lib, uning ustiga yog‘och platforma o‘rnatilgan. Suratga tushishda ham koronavirus pandemiyasi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Dastlab, siyosatchilar tirsaklari bilan salomlashishgan va suratga olish paytida ular odatdagidek bir qatorda emas, balki ikki qatordan turib, ijtimoiy masofaga qat’iy rioya qilgan. 

Markazda, birinchi qatorda uchrashuv mezboni sifatida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bo‘lgan. Uning o‘ng tomonidan AQSH Prezidenti Jo Bayden va Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, chap tomonidan esa Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Angela Merkel joy olgan. Ikkinchi qatordan Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel, Yaponiya Bosh vaziri Yoshihide Suga va Italiya Bosh vaziri Mario Dragi hamda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen o‘rin olgan. 

Suratga tushgandan so‘ng, rahbarlar ijtimoiy masofani unutib qo‘ygan. Bayden va Makron konferensiya xonasiga bir-birini quchoqlab kirib borgan. Amerika Prezidenti Makronga nimadir aytayotganda, fon der Lyayen, Mishel, Suga, Dragi va Tryudo ularga juda yaqin yurgan. 

Birinchi ishchi sessiya yakunlangach, G7 rahbarlari sammit o‘tkazilgan joydan 70 km uzoqlikdagi Kornuollning “Eden” botanika bog‘iga ko‘chib o‘tgan. Ular Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II tomonidan mehmon qilingan. Rasmiy kechki ovqatda 95 yoshli monarxdan tashqari uning o‘g‘li, Uels shahzodasi Charlz rafiqasi Kamilla bilan, shuningdek, Kembrij gersogi va gersoginyasi Uilyam va Keyt ham qatnashgan. 

Ma’lumot o‘rnida, sammit 13 iyunga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

sammit Katta ettilik

Baholaganlar

168

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing