G7 ning Ukraina bo‘yicha rejalari Rossiya xavfsizligiga tajovuz – Kreml

Olam

image

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov G7 davlatlarining Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish niyati noto‘g‘ri va xavfliligi, bu yo‘l bilan G7 mamlakatlari Rossiya xavfsizligiga tajovuz qilayotganini aytdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

"Ukrainaning NATOga qo‘shilishi mavzusiga biz juda salbiy munosabatdamiz. Bu mavzu G7 mamlakatlari bugun xavfsizlik kafolatlarini beradi va Ukrainaga nisbatan bu haqiqatni aytadi degan bayonot bilan bevosita bog‘liq. Biz buni o‘ta noto‘g‘ri va potensial o‘ta xavfli, deb hisoblaymiz”, deydi Kreml matbuot kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G7 davlatlari Ukrainaga har qanday xavfsizlik kafolatlarini taqdim etar ekan, xavfsizlikning bo‘linmasligi haqidagi xalqaro tamoyilga e’tibor bermayapti.

"Ya’ni, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish orqali ular Rossiya xavfsizligiga tajovuz qilmoqda", deydi u.

Shuningdek, Peskov NATOning Moskva va Pekin hamkorligida alyans o‘ziga tahdid ko‘rayotgani haqidagi bayonotlariga izoh bergan.

“Bunday bayonotlar Rossiya-Xitoy munosabatlarining mohiyatini noto‘g‘ri tushunishni anglatadi. Bizning munosabatlarimiz hech qanday tarzda uchinchi davlatlarga yoki ittifoqlarga qarshi qaratilgan emas. Shunga qaramay, biz tabiatan tajovuzkor bo‘lgan ittifoqlar haqida gapiryapmiz. Bu barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun yaratilgan, o‘ylab topilgan va ishlab chiqilgan ittifoq emas. Bu hujumkor, beqarorlik va tajovuzni keltirib chiqaradigan ittifoq”, deydi Peskov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols G7 davlatlarining urush tugagandan keyin Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish masalasi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyasini e’lon qilgandi.

Kecha, 11 iyul kuni esa Litva poytaxti Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyansga a’zo davlatlar Xitoyning “tahdidli xatti-harakati”dan o‘zlarini himoya qilish uchun hamkorlik qilishga kelishib olgandi. 

O‘z navbatida, Xitoy NATOning o‘z manfaatlariga zarar keltiruvchi har qanday harakatlarini qat’iy rad etib chiqdi.

Qayd etish joizki, 2022 yilning 29-30 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyans Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishini NATO qadriyatlariga zid deb hisoblagandi. 

Alyans Xitoyni global logistika va iqtisodiyotni nazorat qilish orqali o‘rnatilgan dunyo tartibini buzishga intilayotganini ta’kidlamoqda. 

Madrid sammitida qabul qilingan strategik konsepsiyaga muvofiq, Moskva tashkilot hamkorlari qatoridan chiqarildi, blok Xitoyga qarshi turish, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va postsovet hududida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash niyatidaligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina xavfsizlik kafolatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing