G7 davlatlari ko‘mirdan voz kechyapti
Olam
−
30 aprel
3391G7 mamlakatlari Energetika vazirlari 2030 yillarning birinchi yarmigacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda kecha, 29 aprel kuni Turindagi uchrashuvda Italiya Energetika vaziri Jilberto Piketto-Fratin ma’lum qildi.
“Texnik kelishuv bor”, degan vazir.
Yakuniy kelishuv bugun, 30 aprel kuni imzolanishi kerak. Keyin iqtisodiyotni karbonsizlantirish bo‘yicha batafsil reja e’lon qilinadi.
Yakuniy kelishuv BMTning 2023 yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan iqlim konferensiyasida kelishilgan maqsadlarga erishish yo‘lidagi qadam bo‘ladi. COP28 yakuniy hujjati qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechishni talab qiladi, lekin ko‘mir, neft va gazni bosqichma-bosqich to‘xtatishni aniq ko‘rsatmaydi.
G7 davlatlari 2023 yilda ko‘mir elektr stansiyalarini bosqichma-bosqich to‘xtatishga kelishib olgan, biroq davlatlar umumiy sana bo‘yicha kelisha olmagan. Joriy yilda G7’ga raislik qilayotgan Italiya 2025 yilgacha Sardiniya orolidagilardan tashqari barcha ko‘mir elektr stansiyalarini o‘chirib qo‘yish niyatida. Hozirda elektr energiyasining 26 foizi ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalaridan olinadigan Germaniya esa 2038 yilgacha ko‘mirdan butunlay voz kechishni rejalashtirgan.
LiveBarchasi