“Bu yerda xo‘jayin menman”. Tramp G7 sammitiga kechikib bordi (video)
Olam
−
16:52 5670 2 daqiqa
Bugun, 17 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” (G7) sammitining rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan sessiyalaridan biriga kechikib yetib bordi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Xonaga kirar ekan, Tramp hazil aralash “Bu yerda xo‘jayin menman” (I'm the boss), deb aytgan. Bu vaqtda AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Prezident uchun ajratilgan joyni band qilib turgan. Tramp agar xohlasa, unga majlisda qolishni taklif qilgan.
Sammit ishtirokchilari AQSH Prezidentining kutayotgan bir paytda, u o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida AQSH Milliy razvedkasi direktori nomzodining Senatda tasdiqlanishi atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan post qoldirishga ulgurgan.
Ma’lumot uchun, “Katta yettilik” (G7) o‘z tarkibiga AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiyani birlashtiradi. Ushbu format 1975 yilda global iqtisodiy va siyosiy masalalarni muhokama qilish maydonchasi sifatida tashkil etilgan. Yettita davlatdan tashqari, birlashma ishida Yevropa Ittifoqi ham ishtirok etadi. Rossiya ushbu guruhga 1997 yilda qo‘shilgan, shundan so‘ng u “Katta sakkizlik” (G8) deb atala boshlagan. 2014 yilda birlashma doirasida Rossiya bilan hamkorlik to‘xtatilgan va format yana G7 ga qaytgan.
Bu yil sammit Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida 15–17 iyun kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Tramp tadbirga u boshlangan birinchi kuniyoq uchib kelgan. Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlaridan tashqari, Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makrondan Zelenskiy, shuningdek, Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA rahbarlari ham taklifnoma olgan. Siyosatchilar uchrashuvining asosiy mavzularidan biri Ukraina masalasini hal qilish bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish bo‘lgan.
Bir kun avval sammit doirasida BAA Prezidenti Muhammad bin Zaid Ol Nahayyon bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp xomashyo narxi pasaygani sababli AQSH tez orada Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalardagi yengilliklarni bekor qilishi mumkinligini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, sessiyalardan birida G7 davlatlari rahbarlari Ukrainaga qurol yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp G7 sammiti doirasida so‘zlagan nutqida Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlarini tanqid qilib, “Hizbulloh” jangchilarini yo‘q qilish uchun turarjoy binolarini bombardimon qilish ortiqcha ekanini bildirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi