G7 butun insoniyatga foyda keltirishi kerak – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti  Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 13-15 iyun kunlariga belgilangan va hozirda davom etayotgan yettilik guruhi a’zolarining Italiyadagi sammiti insoniyatning barcha qatlamiga birdek foyda keltirishi kerakligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq Twitter)dagi rasmiy sahifasida xabar berdi.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya G7 ga a’zo davlatlarning  global muammolarga adolatli yondashishini kutmoqda. Bundan tashqari, u mintaqaviy mojarolarni hal qilishda yanada samarali hamda real yondashuvni kutayotganini ham yozib qoldirgan.

Yettilik guruhining sammitiga maxsus mehmon sifatida taklif qilingan Turkiya rahbari ishtirokidagi ushbu sammitning mavzusi “qoidalarga asoslangan xalqaro tizim” deb belgilangan.

G7 yetakchilari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishning ikkinchi kunida migratsiyaga e’tibor qaratilib, odam savdosiga qarshi kurashishda yetakchilik qila boshlagan mamlakatlarga, jumladan Turkiyaga sarmoya kiritishni ko‘paytirish yo‘llari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, uch kunlik sammitda Rossiya-Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojarodan tortib, oziq-ovqat xavfsizligi hamda bugungi davrning boshqa dolzarb muammolari qatorida qoidalarga asoslangan xalqaro tizimni himoya qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Prezident Erdo‘g‘an Isroilning bir necha oydirki G‘azoga qilinayotgan hujumlariga chek qo‘yish zarurligini alohida ta’kidladi. Davlat yetakchisiga ko‘ra, umuman olganda Turkiya noqonuniy migratsiya hamda iqlim o‘zgarishidan xalqaro terrorizmgacha, shuningdek uzilgan ta’minot zanjirlarigacha bo‘lgan tobora kuchayib borayotgan muammolar – mintaqaviy va global tinchlik, barqarorlik va inqirozni hal qilish uchun yordam berishga doimo sodiq qoladi.

Ma’lumot uchun, Prezidentga birinchi xonim Emina Erdo‘g‘an, Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Prezidentning tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi Elchi Akif Chig‘atoy Qilich va aloqalar bo‘yicha vitse-prezident Chig‘atoy O‘zdemir hamrohlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyaning Apuliya viloyatidagi Borgo Egnatsia shahrida 2024 yilgi G7 sammiti bo‘lib o‘tgani, unda G7 davlatlari Ukrainaning ozodligi uchun doimo birdam harakat qilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing