G20 vazirlari milliarderlarni global soliqqa tortish bo‘yicha kelisha olmadi
Olam
−
26 iyul
3289Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda G20 davlatlarining Moliya vazirlari milliarderlarga global soliq joriy etish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, ushbu mavzu aslicha qoldirilgan bo‘lsa-da, vazirlar kelajakda bu masalani muhokama qilishni davom ettirishga kelishib olgan.
“Dunyoning eng qudratli hukumatlari milliarderlarga global soliq joriy qilish bo‘yicha kelishib olishni vaqtincha to‘xtatdi, ammo ular bu g‘oyani tez orada muhokama qilishni davom ettirishga va’da berdi”, deya yozgan “Politico”.
Yig‘ilishda ishlab chiqilgan hujjat loyihalarida vazirlar soliq suverenitetini to‘liq hurmat qilgan holda, o‘ta yuqori daromadli shaxslarga samarali soliq solishni ta’minlash uchun hamkorlik qilishga intilishlarini bayon qilgan. Jumladan, Braziliya Moliya vaziri Fernandu Addad o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida kelishuvni olqishlab o‘tgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotida muhokama qilingan korporativ soliqqa tortishdan ilhomlanib, Braziliya dunyoning eng badavlat shaxslarini global soliqqa tortish g‘oyasini ilgari surgan edi. G20 maslahatchisi, fransiyalik iqtisodchi Gabriel Sukman tomonidan ishlab chiqilgan g‘oya dunyoning 3000 nafar eng boy milliarderlaridan kamida 2 foizlik yig‘im olishdan iborat bo‘lib, yiliga global miqyosda taxminan 250 milliard dollar yig‘ishni nazarda tutadi.
Ammo bu taklif juda munozarali mavzu bo‘lib, g‘oya Germaniya Moliya vaziri Kristian Lindner hamda uning AQSHdagi mavqedoshi Janet Yellen tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 20 ta yetakchi sanoat va rivojlanayotgan mamlakatlarning Moliya vazirlari va Markaziy banklari rahbarlari San-Pauludagi yig‘ilishda qo‘shma yakuniy bayonot bo‘yicha kelisha olmagandi. Bunga Braziliyaning G20 yig‘ilishiga mezbon sifatida faqat iqtisodiy siyosat masalalariga e’tibor qaratgan holda geosiyosiy inqirozlar haqidagi parchalarni yakuniy qo‘shma bayonotdan chiqarib tashlamoqchi bo‘lgani sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi