G20 sammitida Paragvay Prezidentining tobi qochib qoldi
Olam
−
19 noyabr
3978Paragvay Prezidenti Santyago Penya Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tayotgan G20 sammiti davomida kutilmaganda ko‘krak qafasidagi og‘riqlar sabab shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Paragvayning “Última Hora” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 46 yoshli davlat rahbari dastlab Zamonaviy san’at muzeyida joylashgan tibbiy markazda shifokorlar jamoasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Elektrokardiografiya natijasida yurak faoliyatida anomaliya aniqlangani sababli uni xususiy shifoxonaga olib borishga qaror qilingan. U olib borilgan tibbiy markazda avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus ham davolangan.
Paragvay vitse-prezidenti Pedro Alliana Santyago Penya bilan bog‘langani haqida ma’lum qilgan.
“Hozirda Prezident Rio-de-Janeyro shahridagi “Hospital Samaritano” klinikasida yengil noqulaylik sabab ko‘rikdan o‘tmoqda”, deydi u.
Kecha, 18 noyabr kuni soat 23:00 atrofida “Hospital Samaritano Bota” tibbiyot markazi Prezident holati haqida tibbiy ma’lumotnoma e’lon qilgan. Unga ko‘ra, davlat yetakchisining holati yaxshi va barqaror.
Ma’lumot uchun, Braziliyada o‘tayotgan G20 sammitida jami 42 davlat vakillari ishtirok etmoqda. U joriy yilning 18-19 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rio-de-Janero shahridagi Zamonaviy san’at muzeyida G20 sammiti boshlanishi xabar qilingan edi. Unga barcha G20 mamlakatlari hamda Misr, Ispaniya, Qatar, Kolumbiya, Norvegiya va Singapur kabi boshqa davlatlar rahbarlari ham taklif qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy sammitga taklif qilinmagan. Germaniya kansleri Olaf Shols bundan afsusda ekanini bildirib, Zelenskiyga G20 sammiti uchun taklifnoma yuborishdan bosh tortishni jiddiy muammo deb atagan.
LiveBarchasi