Futbolchilarimning mentalitetidan xursandman – Kannavaro

Sport

image

Kecha, 18 noyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAning Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik turniri g‘olibiga aylandi. Eronga qarshi penaltilar seriyasidagi  g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

 
 “G‘alaba qozonish har doim yoqimli, futbolchilar, muxlislar xursand. Eronga qarshi o‘yin oson bo‘lmadi. Har doim kurashish kerak. Eron juda kuchli, ularga qarshi o‘yinda bo‘shashib bo‘lmaydi. Birinchi taymda o‘yinni nazorat qildik, juda yaxshi o‘ynadik. Uchta yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadik. Ikkinchi taymda gol urolmadik, o‘yin penaltilar seriyasigacha bordi. Raqib darvozamiz oldida imkoniyat yaratmadi. Albatta qizil kartochkadan keyin o‘yin qiyinlashdi. Futbolchilarimning mentalitetidan xursandman. Bir o‘yinchi kam bo‘lsak ham, raqibga hech qanday imkoniyat bermadik”, deydi murabbiy o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.

Shuningdek, Kannavaro terma jamoaga jalb qilingan yangi oshpaz va nutritsiolog haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“U, albatta, bizga yordam beradi. Ovqatning sifati mayda narsa bo‘lishi mumkin, ammo keyinchalik yaxshi natijalarga olib keladi. Ammo nutritsiolog kelgani uchun g‘alaba qozondik deb aytolmayman”, deya izoh berdi Kannavaro. 

Kannavaro terma jamoaning penaltilar seriyasidagi muvaffaqiyati haqidagi savollarga ham javob berdi.

“Penaltilar bo‘yicha mashg‘ulot qildik va qaysi o‘yinchilar yaxshi tepishini aniqlab oldim, shunga qarab tanladim. Ammo penaltilar ba’zan yaxshi, ba’zan yomon natija bilan tugaydi. Bugun penaltilar bo‘yicha Erondan yaxshiroq bo‘ldik va biz kubokni uyga olib ketamiz”, deydi murabbiy.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Al-Ayndagi xalqaro o‘rtoqlik turnirida Misr terma jamoasini 2:0 hisobida, Eron terma jamoasini esa penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Eron Fabio Kannavaro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing