Futbol va siyosat kesishmasida: Angliya – Argentina qarama-qarshiligi

Tahlil

image

2026 yilgi Jahon chempionati yarim finali muxlislarga milliy terma jamoalar o‘rtasidagi eng prinsipial to‘qnashuvlardan birini taqdim etadi. Argentina ham, Angliya ham jahon futboli tarixidagi eng buyuk jamoalar qatoriga kiradi. Ularning futbol rivojiga qo‘shgan hissasini baholash mushkul. Biroq bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon oddiy bo‘lmagan. Shuning uchun ham ularning har bir to‘qnashuvi oddiy futbol uchrashuvidan ko‘ra ko‘proq ma’no kasb etadi.

Qizig‘i shundaki, joriy Jahon chempionatida har ikki jamoaning yo‘li bir-biriga juda o‘xshash kechdi. Ular guruh bosqichidan ishonchli tarzda chiqdi, bahsli hakamlik qarorlariga duch keldi, keskin tanqidlarga uchradi va o‘z imkoniyatlarini isbotlashga majbur bo‘ldi. Shu bois bo‘lajak yarim final nafaqat taktik, balki ruhiy jihatdan ham haqiqiy irodalar jangiga aylanishi kutilmoqda.

Tanqidlar ostidagi ikki favorit

So‘nggi haftalarda har ikki terma jamoa jiddiy tanqidlarga duch keldi. Amaldagi jahon chempioni Argentinaga bosim ayniqsa kuchli bo‘ldi. Misr (3:2) va Shveysariya (3:1)ga qarshi pley-off bahslaridan keyin hakamlik qarorlari atrofida katta bahslar kelib chiqdi. Raqib jamoalar va ularning muxlislari ayrim qarorlar Argentina foydasiga qabul qilinganini iddao qildi. Ayniqsa, Misr tomoni vakillari keskin bayonotlar bilan chiqish qildi. Ular hatto butun turnir Lionel Messi va Argentina g‘alabasi uchun maxsus tashkil etilgani, bu esa marketing va tijoriy manfaatlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Albatta, bunday iddaolarni isbotlovchi hech qanday dalil mavjud emas. Biroq bu bahslar Argentina atrofidagi bosim qay darajaga yetganini yaqqol ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Lionel Skaloni shogirdlari pley-off bosqichida guruh bosqichidagidek ishonchli o‘yin namoyish eta olmayotgani uchun ham tanqid qilinmoqda. Qulay turnir setkasiga qaramay, jamoa avvalgiday yorqin taassurot qoldirmadi. Angliya esa ular uchun turnirdagi ilk haqiqiy yuqori saviyadagi raqib bo‘ladi.

Angliya ham tanqidlardan chetda qolmadi. Jahon chempionati boshlanishidan avvalyoq bosh murabbiy Tomas Tuxel tarkib tanlovi uchun ko‘plab e’tirozlarga uchragan edi. Turnir davomida jamoa natija qayd etayotgan bo‘lsa-da, uning o‘yini hamon munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Eng katta bahslar esa Norvegiyaga qarshi chorak final (2:1) dan keyin yuzaga keldi. Angliyaning birinchi goli juda noodatiy vaziyatdan keyin urildi. To‘p televizion kamera kabeliga tegib, yana ingliz futbolchilariga qaytdi va hujum gol bilan yakunlandi. Bu epizod futbol jamoatchiligida keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Qator mutaxassislar o‘sha paytda hakam o‘yinni to‘xtatishi kerak edi, degan fikrni ilgari surdi.

Yarim final natijasi bu bahslarga ham ma’lum ma’noda nuqta qo‘yadi. G‘olib chiqqan jamoa tanqidlarni ortda qoldirib, yana bir bor o‘z kuchini isbotlaydi. Mag‘lub bo‘lgan tomon esa yana keskin muhokamalar markazida qolishi mumkin.
Shuning uchun bu bahsning qiymati final yo‘llanmasidan ham yuqoriroq bo‘lib ko‘rinmoqda.

Qarama-qarshilikning siyosiy ildizlari

Angliya va Argentina o‘rtasidagi raqobatni oddiy futbol qarama-qarshiligi deb bo‘lmaydi. Bu to‘qnashuv ortida o‘nlab yillar davomida hal etilmagan siyosiy va tarixiy ziddiyatlar yotadi. Shuning uchun ham ikki jamoa maydonga chiqqan har bir uchrashuv millionlab muxlislar uchun sportdan ko‘ra kengroq ma’no kasb etadi.

Bu ziddiyatning markazida Janubiy Atlantikada joylashgan Folklend orollari (Argentinada Malvinas orollari deb ataladi) masalasi turadi. Argentina ushbu orollarni Ispaniyadan mustaqillikka erishgach o‘z hududining bir qismi deb hisoblaydi va 1833 yilda Buyuk Britaniya tomonidan o‘rnatilgan nazoratni noqonuniy deb baholaydi.
Mazkur bahs bir necha bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti muhokamasiga olib chiqilgan. Biroq 1982 yilda diplomatik qarama-qarshilik qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qisqa, ammo og‘ir kechgan urush Britaniya g‘alabasi bilan yakunlandi va orollar London nazoratida qoldi.
Argentinada esa bu voqea hanuzgacha milliy xotiraning og‘riqli sahifalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli Angliyaga qarshi har qanday futbol uchrashuvi ko‘pchilik uchun ramziy ahamiyatga ega.

Bu qarama-qarshilikning eng mashhur sahifasi 1986 yilgi Jahon chempionati chorak finali bo‘ldi. O‘sha bahsda Diyego Maradona tarixga muhrlangan ikki golni urdi. Avvaliga u qo‘li bilan gol kiritdi va bu keyinchalik mashhur “Xudoning qo‘li” nomi bilan tarixga kirdi. Oradan ko‘p o‘tmay esa Diyego yarim maydondan boshlangan solo yurish orqali futbol tarixidagi eng go‘zal gollardan birini urdi.
Maradona keyinroq birinchi gol haqida gapirar ekan, uni “Folklend urushi uchun ramziy qasos” deb atagan edi.

Bu so‘zlar Angliyada keskin norozilikka sabab bo‘lgan. O‘sha kundan boshlab ikki mamlakat o‘rtasidagi futbol raqobati yanada prinsipial tus oldi.
Oradan qariyb qirq yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu tarixiy voqealar hanuz ikki mamlakat muxlislari xotirasida yashab kelmoqda. Shuning uchun ham Angliya va Argentina ishtirokidagi har qanday uchrashuv alohida xavfsizlik choralari ostida o‘tkaziladi.

Ayniqsa, o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etish oson emas. Har ikki federatsiya siyosiy bahslar yana avj olishidan ehtiyot bo‘ladi. Tribunalarda Folklend (Malvinas) orollariga bag‘ishlangan bannerlar, haqoratli shiorlar yoki futbolchilarning ehtiyotsiz bayonotlari yangi mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois Angliya va Argentina uzoq yillar davomida o‘zaro deyarli o‘ynamagan. Ular oxirgi marta 2005 yilda Jenevadagi o‘rtoqlik bahsida to‘qnash kelgan va o‘shanda Angliya 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.

O‘sha uchrashuv haqida “The Times” nashri qiziq ta’rif bergan edi. Gazeta muxbiri o‘yin avvalgi Angliya – Argentina bahslariga nisbatan ancha tinch o‘tganini ta’kidlar ekan, bu nisbiy tushuncha ekanini ham qayd etgan. Chunki stadionda baribir janjallar, haqoratli qo‘shiqlar, Folklend orollari haqidagi siyosiy shiorlar va futbolchilarga nisbatan shaxsiy haqoratlar kuzatilgan. Shunga qaramay, bu hatto ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlardagi muayyan “iliqlashuv” sifatida baholangan.

Bugun ham Argentina Folklend (Malvinas) orollari masalasini xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT orqali ko‘tarishda davom etmoqda. Biroq tomonlar haligacha murosaga kelgani yo‘q.

Shu sababli bo‘lajak yarim final nafaqat futbol, balki tarix va siyosat soyasidagi navbatdagi katta to‘qnashuv sifatida ham baholanmoqda. Bu kayfiyatni har ikki mamlakatda ham his qilish mumkin. Matbuot, sobiq futbolchilar va muxlislar uchrashuv atrofidagi muhitni yanada qizitmoqda.

Argentina terma jamoasi esa bu bahs uchun ramziy qaror qabul qildi. FIFA ruxsati bilan Lionel Skaloni shogirdlari maydonga to‘q ko‘k rangli zaxira libosida chiqadi. Bu tanlov tasodifiy emas. Aynan shu rangda Argentina Angliyaga qarshi eng muhim g‘alabalarini qo‘lga kiritgan. 1986 yilgi mashhur chorak final va 1998 yilgi mundialning 1/8 finalidagi penaltilar seriyasi shular jumlasidandir.

Angliyada esa sobiq futbolchilar va mutaxassislar bu bahsni o‘ziga xos revansh sifatida qabul qilmoqda. Ko‘pchilik ekspertlar “uch sherlar”ning g‘alabasiga ishonch bildirmoqda. Shu tariqa, Argentina va Angliya o‘rtasidagi navbatdagi bahs final yo‘llanmasi uchun kurashdan ham ko‘proq ma’no kasb etadi. Bu futbol tarixidagi eng mashhur va eng hissiyotlarga boy qarama-qarshiliklardan birining yana bir yangi bobi bo‘ladi. 

“Oltin to‘p” uchun hal qiluvchi bahs 

Angliya – Argentina yarim finali nafaqat final yo‘llanmasi, balki yilning eng nufuzli shaxsiy mukofoti “Oltin to‘p” uchun kurashda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Bu bahsda ushbu sovrinning uchta asosiy da’vogari maydonga tushadi: Lionel Messi, Harri Keyn va Jud Bellingem.
 
Mavsum davomidagi klub natijalariga nazar tashlansa, Harri Keyn ma’lum ustunlikka ega. Biroq Jahon chempionati har doim “Oltin to‘p” uchun ovoz berish jarayoniga katta ta’sir ko‘rsatadi. Agar Angliya kapitani terma jamoasini finalga olib chiqsa yoki chempionlikka yetaklasa, uning imkoniyatlari yanada oshishi mumkin.
 
39 yoshli Lionel Messi esa yoshiga qaramay, hanuz jahonning eng yuqori saviyadagi futbolchilaridan biri ekanini isbotlamoqda. U faqat gollar yoki assistlar bilan emas, balki o‘yin tempini boshqarishi, hujumlarni tashkil qilishi va hal qiluvchi qarorlar qabul qilishi bilan ham Argentinaning asosiy lideri bo‘lib qolmoqda.

Jud Bellingem esa Angliyaning yangi avlod ramziga aylandi. Universal o‘yini, mehnatkashligi va eng muhim pallalarda mas’uliyatni zimmasiga ola bilishi tufayli u Tomas Tuxel jamoasining markaziy figuralaridan biri hisoblanadi.
 
Aslida, bu yarim finaldagi har bir harakat “Oltin to‘p” uchun kurashga ham ta’sir qilishi mumkin. Finalga chiqqan jamoa futbolchilari avtomatik ravishda mukofot uchun kurashda katta ustunlikka ega bo‘ladi.
 
Shuning uchun ham Angliya – Argentina bahsida hech kim o‘zini ayamaydi. Bu yerda nafaqat Jahon chempionati finaliga chiqish, balki butun mavsumni belgilab beruvchi eng muhim shaxsiy sovrin uchun ham kurash ketadi. 

Finaldan oldingi haqiqiy final

Angliya va Argentina o‘rtasidagi yarim final 2026 yilgi Jahon chempionatining eng kutilgan bahslaridan biriga aylandi. Bir tomonda amaldagi jahon chempioni Argentina va Lionel Messi boshchiligidagi tajribali avlod. Ikkinchi tomonda esa Tomas Tuxel boshqarayotgan Angliya terma jamoasi uzoq yillik chempionlik orzusini ro‘yobga chiqarish uchun maydonga tushadi.

Bunday bahslarda mayda detallar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Birgina xato, bitta standart vaziyat yoki alohida mahorati bilan ajralib turadigan futbolchi butun o‘yin taqdirini o‘zgartirishi mumkin.

G‘olib jamoa nafaqat Jahon chempionati finaliga chiqadi, balki turnirning asosiy favoriti sifatida ham qaraladi. Mag‘lub tomon uchun esa bu navbatdagi qo‘ldan chiqarilgan imkoniyat sifatida tarixda qolishi ehtimoldan xoli emas.

Shuning uchun ham Angliya va Argentina bahsi ko‘pchilik tomonidan “finaldan oldingi haqiqiy final” sifatida baholanmoqda.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing