Furqat Siddiqov Braziliyaga ham elchi bo‘ldi
Jamiyat
−
10 iyul 1589 2 daqiqa
O‘zbekistonning qarorgohi Vashingtonda joylashgan elchisi Furqat Siddiqov Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Itamarati” rasmiy tadbirlar saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Braziliya Tashqi ishlar vazirligi va Prezident ma’muriyati vakillari ishtirok etgan. Muloqot chog‘ida Braziliya Prezidenti O‘zbekiston Prezidenti va butun o‘zbek xalqiga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazishni so‘ragan.
Tadbirda Braziliya tomoni O‘zbekistonni istiqbolli va ishonchli hamkor sifatida ko‘rishini ta’kidlab, ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Shu bilan birga, oliy darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy o‘zaro hamkorlikni yanada boyitish masalasida fikr-mulohaza almashilgan.
Shuningdek, mezbonlar BMT, BRICS va boshqa xalqaro maydonlarda Braziliya tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashrif doirasida elchi Furqat Siddiqov Braziliya Tashqi ishlar vaziri Mauru Viyeyra, Taraqqiyot, sanoat, savdo va xizmatlar vazirligi rahbari, Prezident maslahatchisi Rojeriu Zerbone, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Serjiu Klibank hamda “ApexBrasil” davlat agentligi prezidenti Jorje Viana bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan.
“Braziliya Prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva hazratlariga ishonch yorliqlarimni topshirish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Braziliya O‘zbekistonning Lotin Amerikasidagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida faol sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”, deb yozgan echi Furqat Siddiqov uchrashuvdan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Furqat Siddiqov O‘zbekistonning AQSH va Kanadadagi elchisi hisoblanadi. U bunga qadar O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimida faoliyat ham yuritgan.
Live
BarchasiGaitida samolyot dengizga qo‘ndi
10 iyul