Fuqarolarni “o‘zini yakkalash” hayot tarziga rioya qilishga majburlash qanchalik qonuniy?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasi tarqalishi sababli ko‘plab cheklovlar o‘rnatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan avtotransport vositalari harakati cheklandi, jamoat transporti to‘xtatildi, “o‘zini o‘zi yakkalash” rejimi o‘rnatildi, niqobsiz ko‘chada yurish javobgarlik keltirib chiqarmoqda. 

Xo‘sh, fuqarolarni “o‘zini yakkalash” hayot tarziga rioya qilishga majburlash qanchalik qonuniy? Adliya vazirligi bu bo‘yicha o‘zining tushuntirishini berib, bir necha huquqiy asoslarni keltirib o‘tdi.
 
“O‘zini yakkalash” hayot tarzi fuqarolarning erkin harakatlanishiga oid huquqlarini cheklaydi, biroq bu cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga to‘liq muvofiq bo‘lib, koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan xatarlarga mutanosibdir. 

Konstitutsiyaning 20-moddasiga muvofiq, fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart. 

Konstitutsiyaning 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir, deb belgilab qo‘yilgan. 

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, aholi va transport vositalarining harakatlanishini ko‘zda tutuvchi cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilishi mumkin. 

Konstitutsiyaning 54-moddasida mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. 

Bundan tashqari, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolar aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi hamda boshqa fuqarolarning sog‘liqni saqlash va qulay yashash muhitiga bo‘lgan huquqlari buzilishiga sabab bo‘luvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Shu bilan birga, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qonunda ko‘zda tutilgan va davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholining sog‘ligi yoki ahloqi yoki boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari muhofazasi uchun zarur bo‘lganda  ayrim huquqlarni cheklashga yo‘l qo‘yadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. 15 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1214 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 99 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.  Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor 


Maqola muallifi

Teglar

karantin

Baholaganlar

35

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing