Fuqarolar va davlatni o‘marish: “Agrobank” boshqaruvchisi, 2 xodimi va 6 hokim yordamchisi qamaldi
3-sahifa
−
07 iyul 9825 3 daqiqa
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining Andijon viloyati filiali sobiq boshqaruvchisi, bankning yana 2 mansabdori va jinoiy til biriktirgan 6 nafar hokim yordamchisi ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud materiallarida yozilishicha, sudlanuvchi O.A. “Agrobank” ATB Andijon filiali boshqaruvchisi lavozimida 2021 yil 18 avgustdan 2023 yil 28 sentyabrga qadar ishlab kelib, egallab turgan lavozimiga ko‘ra davlat tashkilotida mansabdor shaxs bo‘la turib, mansab vakolatidan qasddan foydalanib, bir qator MCHJ rahbarlari va hokim yordamchilari bilan til biriktirgan. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilmaydigan hamda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lmagan fuqarolar nomiga turli yo‘nalishlarda imtiyozli shartlar asosida kredit mablag‘lari ajratish yuzasidan dastlabki monitoring o‘tkazilgani va kredit mablag‘larining qaytarilishi yuzasidan tavsiyanomalar berish, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan maxsulot (hizmat) yetkazib berilgani, mahsulotlar (xizmatlar) pulini kredit hisobidan to‘lab berish maqsadga muvofiqligi haqida dalolatnoma berish orqali kredit mablag‘larini MCHJlarning hisob raqamlariga o‘tkazilishiga ko‘maklashib, jami 156 fuqaroga imtiyozli kredit mablag‘lari bank tomonidan ajratilishi uchun tavsiyanomalar berib, jami 5 milliard 62 million 40 ming so‘mlik davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishda aybli deb topilgan. Ular kredit pul mablag‘larini talon-toroj qilish jinoiy rejasini tuzgan va jinoiy rejaga ko‘ra 61 fuqaroning nomiga jami 2 milliard 13 million so‘m ajratilgan kredit pul mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Joriy yilning 6 mart kuni chiqarilgan sud hukmi ustidan berilgan appelyatsiya shikoyati 30 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudida ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, bankning sobiq boshqaruvchisi O.A. Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan aybli deb topildi va uzil kesil o‘tash uchun 2 yil 2 oyga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etilib, 8 yil 5 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hujjatda qayd etilishicha, u 2024 yilning o‘zida 3 marta, 2025 yilda esa 1 marta sudlangan.
Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan bank filialining muammoli kreditlar bilan ishlash bo‘limi menejeri M.Q. va oilaviy tadbirkorlikni kreditlash bo‘limi menejeri vazifasida ishlagan D.Z. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 28, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 28, 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. Ular 2 yil 1 oy davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, M.Q. 6 yil 1 oyga, D.Z. esa 8 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bundan tashqari, Andijon tumanidagi “Yangi yo‘l” MFYda hokim yordamchisi lavozimida ishlagan A.J., “Jannatmakon” MFYdagi hokim yordamchisi I.O‘., “Islomobod” MFYda hokim yordamchisi R.U. 2 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oyga qamaldi. Tumanning “Do‘ng qishloq” MFYda hokim yordamchisi bo‘lgan K.Y., “Og‘ullik” MFYda hokim yordamchisi Y.O‘. 4 yilga, “Kengash” MFYda hokim yordamchisi Sh.E. 2 yil 1 oyga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etilib, 5 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilindi. Yana 10 dan ortiq hokim yordamchisi ozodlikdan mahrum qilish bo‘lmagan turli xil javobgarlikka tortildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr