Frilanserlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ko‘payadi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining“Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.

2. 2020 yil 1 iyuldan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati ilovaga muvofiq kengaytirilsin.

3. 2020 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi hamda vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi;

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi;

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmasligi hamda ish beruvchiga ega bo‘la olmasligi to‘g‘risidagi talab saqlanib qoladi.

4. Internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatuvchi (ishlar bajaruvchi) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga (frilansing) quyidagi huquqlar berilsin:

ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar – norezidentlardan xorijiy valyutadagi to‘lovlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritmagan holda O‘zbekiston Respublikasining banklaridagi hisobraqamlariga qabul qilish;

kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish).

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 2020 yil 1 iyulga qadar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni masofadan turib ro‘yxatga olish uchun quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi mobil ilovani ishlab chiqsin hamda joriy qilsin:

buyurtmalarni qabul qilish va ko‘rsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun to‘lovlarni amalga oshirish;

yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish;

mobil ilova yordamida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda ushbu ma’lumotlardan keyinchalik, shu jumladan, kredit olish va (yoki) soliqlarni hisobdan chiqarish maqsadida foydalanish;

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish;

ko‘rsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash va iste’molchilar tomonidan fikr-mulohazalar qoldirish.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda yuridik shaxslar – tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish katta miqdorlarda soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmagan taqdirda xabar berish tartibini qo‘llagan holda bekor qilinadi;

yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish ularni davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda (qayta ro‘yxatga olinayotganda) tadbirkorlik faoliyatini olib borish joyi bo‘yicha amalga oshiriladi;

yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma unda yakka tartibdagi tadbirkorning fotosurati aks ettirilgan holda beriladi.

7. Belgilab qo‘yilsinki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘laydilar.

8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi 2021 yilda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni osonlashtirish, shu jumladan, quyidagilarga imkon yaratuvchi servislardan real vaqt rejimida foydalanishga yordam beradigan “Biznes navigator” axborot tizimini joriy qilsin:

tadbirkorlik faoliyatining tegishli hududdagi raqobatbardosh turini tanlash;

kredit olish uchun zarur bo‘lgan biznes-reja loyihasi va hujjatlar to‘plamini shakllantirish;

tegishli tadbirkorlik faoliyati uchun taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida ma’lumot olish;

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk ob’ektlarini tanlash.

9. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Biznes navigator” axborot tizimini yaratish bo‘yicha buyurtmachi etib;

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari “Biznes navigator” axborot tizimini yaratish, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha ishlarning moliyalashtirish manbai etib belgilansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yilga mo‘ljallangan soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini tayyorlashda quyidagilarni nazarda tutsin:

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdorini o‘rnatish;

yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollanma ishchilariga yollanib ishlash asosida mehnat faoliyatini olib boruvchi shaxslar uchun o‘rnatilgan soliqqa tortish tartibini tatbiq qilish.

11. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda amaliy ahamiyati keng yoritilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 8 iyun


Maqola muallifi

Teglar

qaror frilanser

Baholaganlar

14

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing