Fransuz kompaniyasi O‘zbekistonning piari bilan shug‘ullanadi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2019
3706O‘zbekiston turistik brendini Yevropada targ‘ib qilishni fransuz kompaniyasi “Interface Tourism Group”ga topshirish rejalashtirilyapti. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov Fransiyaga tashrifi doirasida “Interface Tourism Group” prezidenti Gayel de La Porte hamda kompaniyani rivojlantirish bo‘yicha direktori Juli Jeffroy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston brendini dastlab Fransiyada, keyin esa Yevropa miqyosida targ‘ib qilish masalasini muhokama qilishdi. “Interface Tourism Group” 20 yildan buyon Fransiya bozorida faoliyat yuritib, piar bilan shug‘ullanuvchi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Tomonlar O‘zbekistonni qanday va qaysi yo‘nalishlarda targ‘ib qilish kerakligi borasida so‘z yuritishdi.
Yakunda Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonning o‘ziga xos turistik salohiyatidan kelib chiqib, maksimal samara beruvchi takliflar berishiga kelishildi. Bunda O‘zbekistondagi turistik yo‘nalishlar, boy madaniy meros hamda fransiyalik turistlarning xohish-istaklari inobatga olinadigan bo‘ldi.
Shuningdek, “Interface Tourism Group” O‘zbekiston bo‘yicha maxsus materiallar tayyorlash, maqsadli OAV vakillarini jalb qilish, turli turistik ko‘ngilochar teledasturlar va maqolalar tayyorlash kabilarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli piar rejasini tuzib, O‘zbekistonga taqdim etishiga kelishildi.
LiveBarchasi