Fransiyani ish tashlashlarning uchinchi to‘lqini qamrab oldi
Olam
−
07 fevral 2023
4853Bugun, 7 fevral kuni Fransiya kasaba uyushmalari pensiya yoshini uzaytirish rejasiga qarshi umummilliy ish tashlashning uchinchi to‘lqinini boshladi. Bu haqda “France 24” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga oshirish to‘g‘risidagi qonun parlament muhokamasiga qo‘yilgan. Shundan so‘ng kasaba uyushmalari ish tashlashni uchinchi to‘lqinini uyushtirishni boshlagan. Temir yo‘l xizmatlari bekor qilingan, maktablar to‘xtatilgan va kasaba uyushmalari jamoatchilikni yana ko‘chaga chiqishga chaqirgan.
Hukumat esa odamlar sanoat dunyosining “eng saxiy pensiya tizimlari”dan birining byudjetini ushlab turish uchun ikki yil ko‘proq (ya’ni 64 yoshgacha) ishlashlari kerakligini aytgan.
Shuningdek, hukumat namoyishchilarga e’tibor bermayotgani to‘g‘risidagi muxolifatning ayblovlarini Fransiya Mehnat vaziri Olive Dyusopt inkor etgan va o‘zgarishlar zarurligini aytgan.
“Pensiya tizimi zarar ko‘rmoqda va agar biz tizim haqida qayg‘ursak, uni tejashimiz kerak”, degan vazir.
Hukumatning aytishicha, pensiya islohoti 2030 yilga borib yiliga 17 milliard yevrodan (18 milliard dollar) ortiq mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Biroq kasaba uyushmalari va chap qanot muxolifati pulni boshqa joylardan, xususan, boylardan olish kerakligini aytgan. Makronni qo‘llab-quvvatlovchi konservatorlar esa yosh ishlay boshlaganlar uchun imtiyozlar berishni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy oxirida butun Fransiya bo‘ylab millionlab odamlar namoyishlarda qatnashgan va oqibatda ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari, ta’lim muassasalari va transport sohasi to‘xtab qolgan edi.
Alibek Beyjanov