Fransiyadan kelgan birinchi bemor ayol 35 kishilik ziyofat bergan – Almatov
Jamiyat
−
24 mart 2020
15343O‘zbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi aniqlangan, Fransiyada bo‘lib qaytgan fuqaro 35 kishilik ziyofat qilgan. Ziyofatda bo‘lgan 13 kishida virus aniqlangan. Bu haqda Davlat Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatov brifing vaqtida ma’lum qildi.
“Fransiyadan kirib kelgan ilk bemor yetib kelgan kuni o‘z xonadonida 35 kishi ishtirokida bayram qilgan. O‘sha mehmondorchilikda qatnashganlardan 13 kishida bugungi kunda bu kasallik qayd etildi. U bilan samolyotda 250 kishi kelgan, aeroportda tushganidan keyin shaxsiy avtomobilida ham oila a’zolariga yuqtirgan. Keyin ishiga chiqqan va ish joyida 80 nafar xodim va 42 nafar bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan.
Bu zanjir davom etadi. O‘sha muloqotda bo‘lganlar ham o‘z navbatida oila a’zolari yoniga qaytadilar, kundalik hayotdagi ishlarini bajaradilar, do‘kon, sartaroshlarga kiradilar.
Ya’ni bu o‘rinda kasallik geometrik progressiyada tarqalib ketishi mumkin”, dedi Bahrom Almatov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 49 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi