Fransiyadagi tartibsizliklar to‘lqini Belgiyani ham qamrab oldi

Olam

image

Fransiyada politsiya 17 yoshli yigitni otib qo‘yganidan so‘ng mamlakatni tartibsizliklar qamrab oldi. Buning ortidan Belgiya poytaxt Bryusselda ham tartibsizliklar avj olib, 64 kishi hibsga olindi. Bu haqda Belgiyaning “Soir” gazetasi mahalliy politsiya bayonotiga tayanib xabar berdi.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, yoshlar shaharning ko‘plab hududlarida “politsiya bilan mushuk-sichqon o‘ynash” uchun yig‘ilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 47 nafar voyaga yetmagan va 16 nafar katta yoshli shaxs qo‘lga olinib, ma’muriy qamoqqa olingan. 

Gazetaning aniqlik kiritishicha, ko‘p sonli politsiyachilar to‘plangan Annessens va Janubiy vokzalda vaziyat ayniqsa keskinlashgan.

Qoidabuzarlar gulxanlar va mashinalarni yoqib yuborgan, skuterlar va karton qutilar bilan o‘tish joyini to‘sib qo‘ymoqda.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rilgan va yarim tunga kelib vaziyat barqarorlashgan.

“Dernier Er” nashrining yozishicha, tartibsizliklar hali ham noaniq va ommaviy tus olgani yo‘q. Shu bilan birga, poytaxtda Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tayotganda shahardagi vaziyat izdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun politsiya muhim kuchlarni safarbar etmoqda.

Fransiyadagi vaziyat

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Bo‘ysunishdan bosh tortgani uchun yigitga o‘q uzilgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qiladi, zirhli texnika va vertolyotlardan foydalanilgan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingandi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Bel'giya tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing