Fransiyada vaziyat jiddiy: tartibsizliklar ortidan 1300 dan ziyod kishi hibsga olindi

Olam

image

Fransiyada politsiya 17 yoshli o‘smirni o‘ldirganidan keyin boshlangan tartibsizliklarda 1300 dan ortiq odam hibsga olindi. Bu haqda BFMTV telekanali xabar berdi.

“Huquq-tartibot kuchlari jami 1311 kishini hibsga oldi, ulardan 406 tasi Parij va uning yaqin atroflarida qo‘lga olingan”, deyiladi telekanal xabarida.

Fransiya hukumati keyingi harakatlarni rejalashtirish uchun ertalab yana turli idoralar vakillarini birlashtirgan inqiroz guruhining yig‘ilishini chaqirgan.

Hozirda Parij va shahar atrofida tartibsizliklar kamaygan. Eng jiddiy tartibsizliklar Marsel va Lionda sodir bo‘lmoqda.

“Le Figaro” nashri politsiyadagi manbaga tayanib, Lionda tartibsizliklardan biri nasosli miltiqni qo‘llashi oqibatida yetti nafar huquq-tartibot idorasi xodimi yaralanganini yozgan.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron  Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Lion tartibsizliklar Marsel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing