Fransiyada o‘rmon yong‘inlari sababli yuz minglab aholi evakuatsiya qilindi
Olam
−
25 iyul 1083 2 daqiqa
Fransiya janubi-g‘arbida shiddat bilan tarqalayotgan yong‘in sababli evakuatsiya qilinganlar soni 141 mingdan oshdi, yong‘inga qarshi kurash xizmatlariga yordam berish uchun harbiylar jalb qilindi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Mamlakatimizni qamrab olgan yong‘inlar muqaddam kuzatilmagan darajaga yetdi. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida janubi-g‘arbiy Jironda va Land departamentlarida 141 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi”, deb yozdi Bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joylarda o‘t o‘chiruvchilarga yordam berish uchun 500 ga yaqin harbiy jalb etilgan. Bugun, 25 iyul kuniga kelib ularning soni 1 ming nafargacha ko‘payishi kerak. Jabrlangan hududlarga 1,5 millionga yaqin himoya niqobi yuborilgan.
Kuni kecha Fransiya IIV rahbari Loran Nunes yil boshidan buyon tabiiy yong‘inlar maydoni 50 ming gektardan oshganini ma’lum qilgan. Mamlakat janubi-g‘arbidagi Jironda va Land departamentlaridagi ikkita yirik yong‘in ayniqsa katta qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Fransiyada anomal issiqlik fonida o‘rmonlarni olov qamrab olgan. Prezident Emmanuel Makronning aytishicha, respublika bu yozda Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri tabiiy yong‘inlarning rekord darajadagi soni bilan to‘qnash kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya hukumati Madrid viloyatining g‘arbiy qismini qamrab olgan va qo‘shni Avila provinsiyasiga xavf solayotgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sababli milliy darajadagi favqulodda holat e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi