Fransiyada terror tahdidining eng yuqori darajasi joriy etildi
Olam
−
25 mart
6460Moskvada sodir bo‘lgan terakt fonida Fransiya terrorchilik hujumlari xavfining eng yuqori darajasini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Gabriel Attal X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida mamlakat Mudofaa va milliy xavfsizlik kengashini chaqirgan.
Attal uchrashuvga sabab sifatida 22 mart kuni Moskva yaqinidagi Krasnogorsk shahridagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan teraktni keltirgan.
“Da’vo va tahdidlarini inobatga olib, biz Vijipirat (terroristik tahdidlar bo‘yicha milliy ogohlantirish tizimi – Tahr.) darajasini eng yuqori darajaga – “hujumga o‘ta shaylik”ga ko‘tarishga qaror qildik”, deydi Attal.
Vijipirat beshta terror ogohlantirish darajasini o‘z ichiga oladi. Eng yuqori daraja mamlakatda bir qator terrorchilik harakatlarini, shu jumladan “noan’anaviy” usullarni qo‘llash xavfini anglatadi.
Ushbu tahdid darajasi joriy etilganda, hokimiyat tegishli idoralarga ehtimoliy terrorchilik hujumlarining oldini olish uchun jamiyat hayotiga zarar yetkazadigan choralarni qo‘llashga ruxsat beradi.
“Politico” nashrining yozishicha, ehtimoliy teraktlar xavfi tufayli Makron 26 iyul kuni Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida tomoshabinlar sonini kamaytirishga buyruq bergan.
Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni kechqurun Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl" konsert zalida "Piknik" guruhining chiqishi oldidan terakt sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, o‘t ochgan va katta yong‘in yuzaga kelgan.
LiveBarchasi