Fransiyada tartibsizliklar vaqtida ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirish taklif qilindi
Olam
−
02 iyul 2023
4594Milliy assambleyada 22 o‘ringa ega bo‘lgan Fransiya Kommunistik partiyasi rahbari Faben Russel tartibsizliklar vaqtida mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirib qo‘yish zarurligini aytdi. Bu haqda u “France Info” radiosiga bergan intervyusida gapirib o‘tgan.
"Ijtimoiy tarmoqlarning rolini ko‘rib chiqishimiz kerak bo‘ladi. Qachon o‘g‘rilik sahnalari va shunga o‘xshashlar atrofidagi shov-shuvlardan pul topayotganlar haqida o‘ylab ko‘ramiz?” deydi siyosatchi.
Shuningdek, u intervyusida aholidan ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan favqulodda holat joriy etishni afzal ko‘rishini aytib o‘tgan.
Fransuz kommunistlari yetakchisi politsiyaning mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlar bilan aloqasi uzilganini ta’kidlagan.
Fransiyadagi vaziyat
Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.
Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.
Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.
Bundan tashqari Fransiya Prezidenti tartibsizliklarga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘lganini aytgandi.
LiveBarchasi