Fransiyada tartibsizliklar ortidan 650 dan ortiq kishi hibsga olindi (fotogalereya)
Olam
−
30 iyun 2023
5222Fransiyada politsiyachi tomonidan 17 yoshli o‘smirning o‘ldirilishi oqibatida sodir bo‘lgan tartibsizliklar chog‘ida hibsga olinganlar soni 650 nafardan oshdi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Mening tartibsizliklarni qattiq bostirish bo‘yicha ko‘rsatmalarimga muvofiq, politsiya va jandarmlar 667 nafar kishini hibsga oldi”, deb yozgan Darmanen.
Uning urg‘ulashicha, politsiya, jandarmlar va o‘t o‘chiruvchilar kecha tunda juda yuqori darajadagi zo‘ravonlikka duch kelgan, bu Fransiyada kamdan-kam uchraydigan holat.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Parij markazidagi ko‘plab taniqli butiklar talon-taroj qilingan, do‘kon va restoranlarning oynalari sindirilgan. Namoyishchilar bankomatlarni ham talon-toroj qilishga uringan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Bo‘ysunishdan bosh tortgani uchun yigitga o‘q uzilgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.
Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qiladi, zirhli texnika va vertolyotlardan foydalanilgan.
Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingandi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.