Fransiyada tartibsizliklar boshlanganidan beri 2,4 ming kishi hibsga olindi – OAV

Olam

image

Fransiya politsiyasi va jandarmlari mamlakatda tartibsizliklar boshlanganidan beri 2,4 mingga yaqin odamni hibsga oldi. Bu haqda fransuz ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyada 28 iyunga o‘tar kechasi 31 kishi, 29 iyun kuni 182 kishi, keyingi kuni 875 kishi va 1 iyul kuni 1311 kishi hibsga olingan. Mamlakat bo‘ylab jami 2399 kishi hibsga olingan.

1 iyulga o‘tar kechasi Fransiya rasmiylari 30 iyunga o‘tar kechasidagidan ko‘ra ko‘proq kuch ishlatgan. Xususan, ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlashga 45 ming nafar politsiyachi jalb qilingan. Bundan tashqari, rasmiylar milliy jandarmning 18 ta bronetransportyordan iborat zirhli guruhidan foydalanishga qaror qilgan.

Bezorilar bilan to‘qnashuvda 79 nafar politsiyachi va jandarm yaralangan. Shuningdek, kecha tunda 1350 ta avtomobil yoqib yuborilgan, 234 ta bino zarar ko‘rgan.

Shanbaga o‘tar kechasi eng yirik tartibsizliklar Marsel, Lion, Sen-Eten, Tuluza, Bordo, shuningdek, Sen-Denida bo‘lib o‘tgan.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing