Fransiyada samolyot qulab tushdi. 11 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 28 iyun kuni Fransiyaning Nansi shahri yaqinidagi Tomblen kommunasida parashyutdan sakrash uchun mo‘ljallangan samolyot halokatga uchrashi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida Grand Nancy-Tomblaine aerodromidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, Tomblen shahrining Salvador Alende ko‘chasidagi turarjoy hududiga qulagan.

Samolyot bortida 11 kishi – bir nafar uchuvchi, besh nafar parashyut instruktori va parashyutdan sakrashni sinab ko‘rayotgan besh nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Halokat oqibatida ularning barchasi voqea joyida qurbon bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilarning aksariyati Nansi shahrida faoliyat yurituvchi hamshiralar bo‘lgan. Voqea joyiga 50 nafar o‘t o‘chiruvchi, 25 ta maxsus texnika, tez tibbiy yordam xizmatlari va politsiya kuchlari jalb etilgan.

Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nyunez va Transport vaziri Filipp Tabaro voqea joyiga borgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay to‘satdan qulab tushgan. Halokat sabablarini aniqlash uchun tergov boshlangan.

Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini tekshirish byurosi ma’lumotiga ko‘ra, bu harbiy va tijorat aviatsiyasidan tashqari fuqarolik aviatsiyasi tarixida mamlakatdagi eng ko‘p qurbon bo‘lgan aviahalokat hisoblanadi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, halokatga dvigatel nosozligi yoki samolyot ichidagi og‘irlik muvozanatining buzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida vertolyot qulashi oqibatida mamlakatning 14 nafar fuqarosi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing