Fransiyada munozarali immigratsiya qonuni kuchga kirdi
Olam
−
27 yanvar
7245Bugun, 27 yanvar kuni Fransiyada munozarali immigratsiya qonuni kuchga kirdi va uning matni Beshinchi respublikaning rasmiy jurnalida chop etildi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qonunni bir kun avval imzolagan. 25 yanvar kuni esa Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi uni tasdiqlagan bo‘lsa-da, immigratsiya qoidalarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunning bir qator moddalari konstitutsiyaga zid ekanini ta’kidladi va qonun loyihasi matnining uchdan birini rad etdi.
Shunday qilib, oilaviy vizada kirish qoidalarini qat’iylashtiruvchi, chet ellik talabalar uchun mamlakatni tark etish majburiyati, shuningdek, "migratsiya kvotalari" ni joriy etish haqidagi moddalar tasdiqlanmadi. Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlardan kelgan ishsiz muhojirlar Fransiyada 5 yil bo‘lganidan keyin ularga ishonishlari mumkin bo‘lgan ayrim ijtimoiy nafaqalarni olish shartlarini kuchaytirish ham ma’qullanmagan.
Qonun loyihasi, jumladan, noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishni soddalashtirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Fransiya huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshi jinoyat sodir etgan ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslar Fransiya pasportini yo‘qotishi mumkin. "Bugungi kunda qattiq choralar zarur", deydi Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin.
Qonunga qarshilarning fikricha, u o‘ng qanot kayfiyatidagilarning kuchayishiga, shuningdek, irqi va millatiga ko‘ra, kamsitishlarga yo‘l ochadi.
Asl nusxada qonun loyihasi noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha soddalashtirilgan chora-tadbirlar bilan bir qatorda migrantlarning integratsiyalashuvini rag‘batlantirishga qaratilgan edi. Biroq keyinchalik Fransiya parlamentining yuqori palatasi – Makron tarafdorlari ko‘pchilikka ega bo‘lmagan Senat hujjatning aksariyat bandlarini qattiqlashtirdi.
Bu keskinlashuv huquq himoyachilarining tanqidiga ham, Fransiyadagi migrantlarning ommaviy noroziligiga ham sabab bo‘ldi.