Fransiyada Lekornyu rahbarligida yangi hukumat tayinlandi
Olam
−
13 Oktabr 2025 1286 2 daqiqa
Fransiyada yangi hukumat tarkibi e’lon qilindi – bu voqea Sevasten Lekornyu qaytadan Bosh vazir etib tayinlanganidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. Bu haqda kecha, 12 oktyabr kuni Yelisey saroyi xabar berdi.
Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro, Iqtisod va moliya vaziri Rolan Leskyur, Madaniyat vaziri Rashida Dati va Adliya vaziri Jerar Darmanin o‘z lavozimlarida qoldi.
AFP agentligining yozishicha, yangi hukumat tarkibidagi 30 dan ortiq vazir va ularning o‘rinbosarlari orasida jamoatchilikka uncha tanish bo‘lmagan shaxslar ham bor. Prezident Emmanuel Makron ertaga, 14 oktyabr kuni soat 10:00 da yangi hukumat yig‘ilishi o‘tkazishi belgilangan.
6 oktyabr kuni istefoga chiqqan Sevasten Lekornyu ortidan bor-yo‘g‘i to‘rt kun o‘tib, 10 oktyabr kuni Makron tomonidan yana Bosh vazir etib tayinlandi. Unga yangi hukumatni shakllantirish vazifasi topshirildi.
Lekornyu istefoga chiqish sababini 2026 yilgi davlat byudjeti bo‘yicha kelishuvga erishilmagani bilan izohladi. Qayta tayinlanganidan so‘ng u X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
“Fransuzlarni charchatgan siyosiy inqirozga va mamlakat imijiga ziyon yetkazayotgan beqarorlikka chek qo‘yishimiz kerak. Yil oxirigacha Fransiya byudjeti qabul qilinishi uchun bor imkoniyatimni ishga solaman”.
39 yoshli Lekornyu – Fransiyaning sobiq mudofaa vaziri va Makronning siyosiy hamkori. U ilk bor joriy yil 9 sentyabr kuni bosh vazirlikka tayinlangan edi. U Makron ikki yil ichida tasdiqlagan beshinchi Bosh vazir hisoblanadi.
Fransiyadagi siyosiy beqarorlik fonida, 12 sentyabr kuni amerikalik Fitch agentligi mamlakatning qarz reytingida pasayish qayd etdi – AA-dan A+ ga tushirildi, bu esa Fransiya tarixidagi eng yomon ko‘rsatkich. Hozirgi vaqtda davlat qarzi YAIMning 115%** ni tashkil etadi – Yevropa ittifoqida bu ko‘rsatkich bo‘yicha Fransiya Gretsiya va Italiyadan keyin uchinchi o‘rinda.
Lekornyu qayta tayinlangach, o‘ng qanotchi “Milliy birlik” partiyasi rahbari Jordan Bardella partiyasi darhol hukumatga ishonchsizlik votumi kiritishini ma’lum qildi. Chap populistik “Yengilmas Fransiya” partiyasi esa Makronga qarshi impichment jarayoni boshlash niyatini bildirdi.
2024 yilda ilgari o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin Fransiya Milliy Assambleyasi (parlament quyi palatasi) uchta yirik lagerga bo‘lindi:
- Chap blok
- Sentristlar (Makron va Lekornyu shularga kiradi)
- O‘ng populistlar
Hech bir lager 289 o‘rinlik mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan.
Live
Barchasi