Fransiya Yevropaning AQSH sabab Xitoy bilan o‘chakishini istamaydi 

Olam

image

Fransiya va Yevropa Tayvan masalasida muloqot yo‘lini tanlaydi va faqat AQSH bilan ittifoqchilik munosabatlari tufayli Xitoyga qarshilik ko‘rsatishni istamaydi. Bu haqda bugun, 11 aprel kuni Fransiya Iqtisodiyot va moliya vaziri Bryuno Lyo Mer “Europe 1” radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Prezident Yevropa suvereniteti haqida gapirayotganda mutlaqo haq edi. Biz Qo‘shma Shtatlar bilan ittifoqchilarimiz, biz bir xil qadriyatlarga egamiz. Biroq turli manfaatlar, jumladan, iqtisodiy manfaatlar degan tushunchalar ham mavjud. Demak, bu biz ittifoqchi bo‘lsak, Xitoyga qarshi bo‘lishimiz kerak degani emas. Biz Xitoy va AQSH o‘rtasidagi raqobatga tortilishni istamaymiz, biz Yevropa mustaqilligini qurmoqchimiz”, deydi u Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Tayvan maqomi haqidagi so‘nggi so‘zlarini sharhlar ekan.

Shuningdek, vazir Lyo Mer Yevropa Makronning Xitoyga safari chog‘ida muhokama qilingan muloqot yo‘lini tanlashini bildirgan. 

“Qarama-qarshilik va shoshqaloqlik mantig‘idan bu afzal emasmi? Ukrainada allaqachon urushni boshdan kechirayotgan Yevropaga boshqa bir mojaro kerakmi? Dunyoga yana bir mojaro kerakmi? Yo‘q”, deydi Lyo Mer.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoyga (5-7 aprel) tashrifi yakunlari bo‘yicha bergan intervyusida Yevropa AQSHga qaramligini kamaytirishi hamda Vashington va Pekin o‘rtasidagi Tayvan bo‘yicha mojaroga tushib qolmasligi kerak ekanini aytgandi. Fransiya rahbari Yevropa Ittifoqi birinchi navbatda o‘z manfaatlariga amal qilishi, dunyoning boshqa hududlaridagi masalalarga aralashmasligi kerakligiga ishonch bildirdi. U Yevropaning so‘nggi yillarda AQSHga qaram bo‘lib qolganini tan oldi, biroq Yevropa Ittifoqi qit’aning strategik muxtoriyatini oshirish uchun mafkuraviy kurashda g‘alaba qozondi, degan fikrni bildirdi. Shu munosabat bilan u Yevropa o‘zining strategik avtonomiyasini mustahkamlashi va dollarning ekstraterritorialligiga qaram bo‘lmasligi kerakligini ham ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Frantsiya Evropa Xitoy Tayvan' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing