Fransiya Yevropaga yadroviy qalqon taklif qilmoqda
Olam
−
25 fevral 4523 2 daqiqa
Fransiya AQSH Yevropadan qo‘shinlarini olib chiqqan taqdirda, Germaniyaga yadro quroliga ega qiruvchi samolyotlarni joylashtirishi mumkin. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 23 fevral kuni Germaniyada bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan va bo‘lajak kansler Fridrix Mers Britaniya va Fransiyani Yevropaga yadroviy himoya ko‘rsatishga chaqirgan. U Yevropaning AQSHdan mustaqilligini ta’minlashga harakat qilmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan gaplashib, so‘ng Oq uyga yo‘l olgan. U yerda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Yevropaning xavfsizligi va Ukraina mudofaasi masalasini muhokama qilgan.
“Fransiya Yevropani himoya qilish uchun o‘z yadroviy qalqonidan foydalanishga tayyor... U AQSHning qit’adan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish tahdidi fonida Germaniyaga yadro quroliga ega qiruvchi samolyotlarni yuborishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Ismi oshkor etilmagan fransuz amaldori bunday qadam Rossiyaga “signal” bo‘lishini aytmoqda. Berlindagi diplomatlar esa bu Britaniyani Fransiyadan o‘rnak olishga majbur qilishini ta’kidlagan.
Hozirda Fransiyaning yadroviy tiyib turishi NATOga bog‘liq emas, Britaniya esa alyans mudofaa strategiyasining asosiy qismidir. Taxminlarga ko‘ra, Parij arsenalida dengiz va havodan uchirish imkoniyatiga ega 300 ga yaqin yadro quroli mavjud.
Biroq agar amerikaliklar Germaniyadan yadroviy tiyib turish vositalarini olib chiqmasa, bu sodir bo‘lmaydi. Vashington Yevropa xavfsizligini 100 ga yaqin yadroviy raketa arsenali bilan kafolatlaydi, ularning aksariyati AQSHning Germaniyadagi harbiy bazasiga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, AQSH o‘z yadroviy himoyasi doirasida Yevropada 100 ga yaqin yadroviy raketalar joylashtirgan, ularning aksariyati Germaniyada joylashgan. Fransiyaning yadroviy qurollari NATO tarkibiga kirmaydi, Britaniyaning Trident yadroviy dasturi esa alyansning muhim qismini tashkil qiladi.
Fridrix Mersning ta’kidlashicha, Fransiya va Britaniya Germaniyaga yadroviy himoya taklif qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi kerak. Uning fikricha, Trampning siyosati Yevropaning taqdiriga befarq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSH Ukrainaga yordam uchun Yevropa davlatlariga qaraganda ko‘proq mablag‘ sarflayotganini ta’kidlagandi. Bunga javoban Makron Trampni to‘xtatib, Yevropaning Ukrainaga yordami borasidagi “haqiqatni” eslatgan. Kil Jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam sifatida AQSHdan ko‘ra ancha ko‘proq mablag‘ ajratgan – 2023 yil dekabr holatiga ko‘ra, Yevropa 258 milliard dollar, AQSH esa 124 milliard dollar ajratgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr