Fransiya Yevropadagi eng yirik atom aviatashuvchini quradi

Olam

image

Fransiya Yevropadagi eng yirik atom aviatashuvchini qurishni rejalashtirmoqda. Uni 2038 yilda ekspluatatsiyaga topshirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda kecha, 21 dekabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Abu-Dabidagi harbiy bazada fransiyalik harbiy xizmatchilar oldida e’lon qildi.

“Bosqinchilar zamonida bizdan qo‘rqishlari uchun kuchli bo‘lishimiz kerak. Men Fransiyani yangi aviatashuvchi bilan ta’minlashga qaror qildim”, deydi u.

Yangi kemaning suv sig‘imi qariyb 80 ming tonnani tashkil etadi. Bu Fransiyaning hozirgi yagona atom aviatashuvchisi – “Sharl de Goll”dan deyarli ikki baravar og‘ir degani. Kutilishicha, yangi aviatashuvchi 30 tagacha jangovar samolyotni va 2 ming nafargacha ekipaj a’zosini joylashtira oladi.

Fransiya Mudofaa vaziri Katrin Votrenning ma’lum qilishicha, yangi aviatashuvchini safga kiritish 2038 yilga rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Fransiya – Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy davlat bo‘lib, aviatashuvchilarga ega bo‘lgan kam sonli Yevropa mamlakatlaridan biridir (Buyuk Britaniya, Italiya va Ispaniya bilan bir qatorda). Fransiyaning yillik mudofaa xarajatlari 2030 yil oxiriga qadar ikki baravar oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirda mamlakatning harbiy byudjeti qariyb 50 milliard yevroni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada ixtiyoriy harbiy xizmat joriy etilishi haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi yilda ixtiyoriy harbiy xizmatga 2000 dan 3000 gacha odam jalb qilinishi, vaqt o‘tishi bilan bu raqam yiliga 50 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron aviatashuvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing