Fransiya yonyapti: osmonda ilk bor “olovli bulutlar” paydo bo‘ldi (fotoreportaj)

Olam

image

Yevropada bir necha kundan buyon o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Fransiya va Ispaniyadagi eng kuchli yong‘inlar fonida evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 300 ming kishidan oshdi. Bu Yevropa tarixidagi eng yirik evakuatsiyalardan biridir. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Eng yirik o‘rmon yong‘inlari munosabati bilan tashkil etilgan favqulodda xizmatlarning inqirozga qarshi markaziga tashrif buyurgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat janubi-g‘arbidagi ofat “jilovlangan”, ammo Bordo yaqinida olovni hali nazorat ostiga olishning imkoni bo‘lmagan.

AFP xabariga ko‘ra, Fransiya tarixida birinchi marta momaqaldiroqli “olovli bulutlar” qayd etilgan. Bunday hodisa avval Avstraliya va Kanadadagi gigant yong‘inlar paytida kuzatilgan. 

“Fransiya uchun bu misli ko‘rilmagan holat”, deydi yong‘in xavfsizligi xizmati vakili Erik Brokardi.

Bunday bulut tutun, suv bug‘i va kul bilan birga stratosferagacha ko‘tarilishi hamda chaqmoqlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

“Oldindagi haftalar og‘ir kechadi”, deya Emmanuel Makrondan iqtibos keltiradi AFP.

Bordo va Atlantika okeani sohili o‘rtasidagi mintaqada joriy yil 22 iyuldan beri yong‘inlar 42 ming gektarga yaqin maydonni kulga aylantirgan. Umuman olganda butun mamlakat bo‘ylab bu yil olov 116 ming gektar maydonni payxon etgan. Xavf sababli 220 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan.

O‘rmon yong‘inlari Ispaniyada ham avj olmoqda. Ikki mamlakatda evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 300 mingdan oshgan. Yong‘inni o‘chirishda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yordam ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya janubi-g‘arbida shiddat bilan tarqalayotgan yong‘in sababli evakuatsiya qilinganlar soni 141 mingdan oshgani, yong‘inga qarshi kurash xizmatlariga yordam berish uchun harbiylar jalb qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing